6 may kuni Isroil harbiy-havo kuçlari Yaman böylab zarbalar seriyasini amalga oşirdi: tunda — Hudayda porti, kunduzi — mamlakat poytaxti Sano şahridagi aeroport bombardimon qilindi. Hujumdan oldin TSAHAL mahalliy aholiga ogohlantiriş berib, zudlik bilan Sano aeroporti yaqinidagi hududlarni tark etişga çaqirgan.

Mohammed / Xinhua / ZUMA Press / Scanpix / LETA
Aeroport töliğiça işdan çiqarilgan: terminal, uçiş-qöniş yölagi hamda harbiy baza yakson etilgan, şuningdek, bir neça samolyot yöq qilingan. Badjil şahridagi sement zavodi va bir neça elektr stansiyalar ham zarbalar ostida qolgan. Yamandagi «Al-Masira» telekanali ma’lumotiga köra, uç kişi halok bölgan.
Bu obektlarning barçasi «Ansor Alloh» (husiyçilar) tomonidan nazorat qilinadigan hududda joylaşgan. Isroil mudofaa armiyasi bayonotiga köra, ular husiyçilar infratuzilmasining bir qismi hisoblangan: Hudaydadagi port va Sano aeroporti — «Ansor Alloh» Erondan olingan qurollarni taşişda foydalanadigan transport tuguni vazifasini ötagan, sement zavodi mahsulotlari esa yerosti bunkerlari va tunnellar qurişda işlatilgan.
Aeroport böylab zarbalardan köp ötmay AQŞ prezidenti Donald Tramp husiyçilar Qizil dengizdagi kemalarga hujum qilişni töxtatişga rozi bölgani va şuning uçun AQŞ ularning Yamandagi obektlariga boşqa hujum qilmasligini bildirdi. Tramp heç qanday tafsilotlarni keltirmagan — husiyçilar kimga, qaçon, qayerda va aynan nima deganiga aniqlik kiritmagan.

Trampning bayonotidan köp ötmay Ömon taşqi işlar vaziri Badr al-Busaydiy AQŞ va husiyçilar Maskat vositaçiligida öt oçişni töxtatişga kelişib olganini ma’lum qildi. «Kelgusida tomonlarning heç biri bir-birini ta’qib qilmaydi, jumladan, Qizil dengiz va Bob al-Mandib böğozida Amerika kemalariga hujum qilinmaydi», – dedi vazir. «Al-Mayadin» telekanali xabarida husiyçilar AQŞ bilan töğridan töğri aloqalarda bölmagani aytilgan. AFP xabariga köra, husiyçilar Isroilga qarşi hujumlarni davom ettirişga va’da bergan.








