U yarashuv masalasini Moskva va Kiyevning 15 may kuni Istanbulda bo‘lib o‘tishi mumkin bo‘lgan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarida muhokama qilishni taklif qildi. Moskva ularda oldindan hech qanday shartlarsiz ishtirok etishga tayyor, dedi Rossiya prezidenti.

Putinning taklifi aslida 2022 yilda samarasiz yakunlangan format va jarayonga qaytishdir.

Vladimir Putinning Kremlda jurnalistlar uchun bergan tungi bayonotidan bilish mumkinki, Moskva amalda Ukrainaning yangi shartlarsiz 30 kunlik sulh e’lon qilish taklifiga rad javobini berdi.

U Kiyevni bungacha Kreml e’lon qilgan barcha sulhlarni: 2025 yil mart-aprel oylaridagi «energetika sulhi», aprel oyidagi «Pasxa sulhi» va Moskva tomonidan 8-10 may kunlari uchun e’lon qilingan uch kunlik otashkesimni buzishda ayblagan. Ukraina bunday ayblovlarni bir necha bor rad etgan va o‘t ochishni to‘xtatish rejimini aynan Moskva buzayotganini ta’kidlagan.

Kiyevning 12 maydan boshlab 30 kunlik to‘liq va so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatish rejimini e’lon qilish taklifi bir kun avval Ukrainada bo‘lib o‘tgan «ko‘ngillilar koalitsiyasi» sammiti hamda Fransiya, Buyuk Britaniya, Polsha va Ukraina yetakchilarining Donald Trampga birgalikdagi qo‘ng‘irog‘i yakunlari bo‘yicha Kiyevda yangragan edi. AQSh prezidenti ham Moskvadan «to‘liq va so‘zsiz sulh» e’lon qilishni talab qilish bo‘yicha qo‘shma qarorni qo‘llab-quvvatlagandi.

O‘t ochishni to‘xtatish g‘oyasidan bosh tortgan Putin Kiyevga «hech qanday shartlarsiz» to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni tiklashni taklif qildi.

Bu 15 may kuni Istanbulda bo‘lishi mumkin, dedi u Kremlda jurnalistlarga.

Yangi muzokaralar, Putinning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilgi Istanbul muzokaralarining davomi bo‘lishi kerak.

«Kechiktirmasdan, Istanbulda... ular to‘xtatilgan joyda boshlashni taklif qilamiz», – dedi Putin va o‘shanda yarashuv bilan yakunlanmagan muzokaralarni Ukraina tomoni buzganini qo‘shimcha qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 11 may, yakshanba kuni u bu tashabbusni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Turkiya rahbari 2022 yilda ham Kiyev va Moskva o‘rtasida vositachilik qilgandi.

«Muzokaralar chog‘ida yangi sulh, yangi otashkesim haqida kelishib olish mumkin bo‘lishi ehtimoldan xoli emas», – dedi Putin va endi «to‘p Ukraina tomonida» ekanini qo‘shimcha qildi.