Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina Rossiya bilan tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralarni boshlash sharti sifatida o‘t ochishni to‘xtatish zarurligini ta’kidlayotgani haqida gapirdi. Bu uning Vladimir Putinning G‘arb davlatlarining dushanbadan 30 kunlik sulh tuzish haqidagi talablarini rad etgan, ammo kelasi hafta Istanbulda to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya-Ukraina muzokaralarini o‘tkazishni taklif qilgan tungi bayonotiga birinchi reaksiyasi bo‘ldi.

«Rossiyaliklar nihoyat urushni tugatish haqida o‘ylayotgani yaxshi alomat. Dunyo buni anchadan beri kutayotgan edi. Va har qanday urushni chinakamiga yakunlashning eng birinchi qadami – o‘t ochishni to‘xtatishdir», – deb yozdi Zelenskiy o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

«Bir kun ham qotillikni davom ettirishdan ma’no yo‘q. Rossiya ertaga, 12 maydan boshlab o‘t ochishni to‘liq, uzoq va ishonchli to‘xtatishni tasdiqlashini kutamiz va Ukraina muzokaralarga tayyor», – deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

Shu tariqa, Ukraina prezidenti mohiyatan avval sulh tuzish, shundan keyingina tinchlik muzokaralari o‘tkazish to‘g‘risidagi talabini takrorladi. Uning so‘zlaridan agar Rossiya harbiy harakatlarni davom ettiradigan bo‘lsa, Kiyev Istanbulga o‘z delegatsiyasini yuborishga tayyormi yoki yo‘qligini bilib bo‘lmaydi.

Putinning taklifiga Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak ham munosabat bildirgan.

«Avval 30 kunlik otashkesim, shundan keyin qolganlari. Rossiya urushni davom ettirish istagini so‘z konstruksiyalari bilan niqoblamasligi kerak. O‘t ochishni to‘xtatish — urushni yakunlash uchun birinchi qadamdir va bu Rossiyaning qotillikni to‘xtatish istagini tasdiqlaydi», — deya yozgan Yermak ijtimoiy tarmoqda.

Shanba kuni Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Polsha yetakchilari Kiyevga yetib kelishdi hamda Rossiya tinchlik jarayoni boshlanishini ta’minlash uchun 12 maydan boshlab o‘t ochishni to‘xtatishi kerakligini aytishdi. Ular agar bu taklif qabul qilinmasa, Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish bilan tahdid qilishdi, AQSh prezidenti Donald Tramp ham bunday pozitsiyaga qo‘shilishini ma’lum qilgan.

Bunga javoban Putin tunda bayonot berib, Ukrainani avvalgi sulh kelishuvlarini buzganlikda aybladi va amalda 30 kunlik sulh talabini rad etdi. Buning o‘rniga u 15 maydan Istanbulda to‘g‘ridan to‘g‘ri tinchlik muzokaralarini tiklashni taklif qildi.

Yakshanba kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Putin va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan qo‘ng‘iroqlashib, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini qabul qilishga tayyorligini tasdiqladi, deb xabar berdi Turkiya rahbari idorasi.