Ötgan kun davomida jahonda röy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar şarhi bilan kundalik xabarnomada taniştiramiz.

Ğazoni erkin hududga aylantiriş rejasi va tugamayotgan bombardimonlar

Qatarga taşrifi davomida AQŞ prezidenti Donald Tramp amirlikdagi al-Udeyd harbiy bazasiga yetib keldi. AQŞning Yaqin Şarqdagi eng yirik harbiy bazasidagi tadbirda AQŞ va Qatar harbiylari ham qatnaşdi.

U öz çiqişida Ğazo böyiça rejalarini aytgan. «Menda Ğazo uçun juda yaxşi ğoyalar bor: uni "freedom zone" — ya’ni erkinlik zonasiga aylantiriş. AQŞ bu işga aralaşib, Ğazoni şunçaki erkin hududga aylantirişi kerak», — deya Trampning sözlarini keltirmoqda Al-Jazeera naşri.

«Menda havo suratlari bor — deyarli birorta bino butun qolmagan. Bu yerda siz biror narsani saqlab qolişga urinyapsiz deyiş ham qiyin. Agar zarurat bölsa, AQŞ bu hududni öz nazoratiga olsa, uni egallasa va erkinlik zonasi qilsa, men bundan faxrlanardim», — degan Tramp Qatardagi safari davomida.

Tramp joriy yil boşida ham Ğazo ustidan uzoq muddatli AQŞ nazoratini örnatib, uni Yaqin Şarqning Riveria'si sifatida qayta quriş fikrini ilgari surgan edi.

Tramp Yaqin Şarqda yurgan vaqtda Isroil Ğazo sektorining turli hududlari: aholining uylari, köçirilgan falastinliklarning çodirlariga, şifoxonalar va tinç aholi töplangan joylarni bombardimon qilişdan töxtamayapti.

Ğazo soğliqni saqlaş vazirligiga köra, sönggi bir sutkada Ğazodagi şifoxonalarga 82 nafar halok bölganlarning jasadi va 152 kişi jarohatlari bilan keltirilgan.

2023 yil 7 oktyabrda Isroilning Ğazodagi bosqinçilik uruşi boşlanganidan beri halok bölganlar soni esa 53 mingdan oşib ketdi.

Putin Istanbulga kelmadi. Tramp va Zelenskiyning munosabati

AQŞ prezidenti Donald Tramp Putin bilan körişmaguniça tinçlik muzokaralarida heç qanday taraqqiyot bölmasligini aytdi.

«Putin va men uçraşmagunimizça heç narsa bölmaydi», dedi Tramp jurnalistlarga. Tramp Ukraina bilan muzokaralar uçun Turkiyaga borgan Rossiya delegatsiyasi tarkibiga Putin kiritilmaganidan xafa emasligini qöşimça qildi, deb yozdi CNN. U Rossiya delegatsiyasi tarkibi haqida heç narsa bilmasligini ta’kidladi.