To‘qnashuvda kemaning uchala machtasi ham shikastlangan va qulab tushgan.

«Ayni damda bortda bo‘lgan 277 kishidan 19 nafari jarohat olgan, ulardan 2 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda, yana 2 nafari, afsuski, olgan jarohatlaridan vafot etgan», – deb yozdi Nyu York meri Erik Adams X ijtimoiy tarmog‘ida.

Internetda e’lon qilingan videoda yelkanlari yig‘ishtirilgan va takelajda bayram chiroqlari yoqilgan kema ko‘prik ostidan o‘tishga uringani va machtalar ko‘prikka urilib, Ist-Riverga qulaganini ko‘rish mumkin.

Hodisa ro‘y berishi arafasida yuzlab tomoshabinlar seshanbadan beri Manhettenning janubiy qismidagi bandargohda turgan kema bilan xayrlashish uchun yig‘ilgandi.

Meksika harbiy-dengiz kuchlari bayonotida halokat oqibatida ekipajning ikki a’zosi halok bo‘lgani, yana 22 kishi yaralangani, ularning yarmi – og‘ir ahvolda ekani qayd etilgan.

Meksika harbiy-dengiz kuchlari hech kim suvga tushib ketmagani va qutqaruv operatsiyasi o‘tkazilmaganini ma’lum qildi.

Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum X’dagi sahifasida ekipajning ikki a’zosi halok bo‘lganidan «chuqur qayg‘uda» ekanini yozgan.

Kema taxminan soat 20:20 atrofida (yakshanba kuni Grinvich bo‘yicha 00:20) kapitan manyovr qilganida harakatni yo‘qotgan va uni Bruklin tomonidagi ko‘prik tayanchiga olib borgan, dedi matbuot anjumanida Nyu York politsiyasining maxsus operatsiyalar bo‘limi boshlig‘i Uilson Aramboles.

«Kemada vahima hukm surardi. Baqir-chaqir bo‘ldi, ba’zi dengizchilar machtalarda osilib turishardi», – dedi AFP’ga suv yaqinida turgan bruklinlik 23 yoshli Nik Korso.

Bruklindan Manhettenga olib boruvchi ko‘prik 40 daqiqaga yopilgan, shundan so‘ng u qayta ochilgan.

«Tekshiruv davom etayotgan bo‘lsa-da, Bruklin ko‘prigida jiddiy shikastlanish alomatlari yo‘q», – deyiladi Nyu York transport departamenti xabarida.

Meksika elchisi Esteban Moktesum Barragan jabrlanganlar shifoxonaga yetkazilganini ma’lum qilgan.

Yelkanli kema Manhetten ko‘prigi hududiga olib ketildi va Nyu York politsiya departamenti aholiga «qatnov ko‘pligi» va «tez yordam mashinalari gavjumligi» sababli bu hududdan kelmaslikni tavsiya qildi.

Cuauhtemoc’ning machtalari balandligi 48,2 metrga yetadi.