O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

G7 moliya vazirlari Rossiyaga sanksiyalarni kuchaytirish bilan tahdid qildi

«Yettilik guruhi» (G7) mamlakatlari moliya vazirlari qo‘shma bayonot chiqarib, agar Moskva Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmasa, Rossiyaga bosimni kuchaytirish, jumladan, sanksiyalarni kuchaytirish bilan tahdid qilishdi. Ular Rossiyaning davom etayotgan tajovuzkorligini qoraladilar va «mojaro vaqtida Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi har qanday tashkilot» Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha shartnomalardan chetda qolishini aytishdi.

«Yettilik guruhi» mamlakatlari moliya vazirliklari rahbarlari global iqtisodiy siyosatdagi noaniqlik cho‘qqisi allaqachon o‘tib ketgani haqida fikr bildirdi. Ular bozorlarni barqarorlashtirish va umumiy siyosat maqsadlariga erishish uchun birgalikda harakat qilishlarini aytishdi.

Bayonotda, shuningdek, Xitoy to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olinmagan holda, ayrim mamlakatlarning «bozorga xos bo‘lmagan siyosati va amaliyoti» boshqalarning iqtisodiy xavfsizligiga ta’sir qilishi qayd etilgan. Hujjat «barcha uchun teng sharoitlar» yaratishga chaqiradi, deb yozadi AFP.

Kanadaning Kalgari yaqinidagi Banf kurortida bo‘lib o‘tgan uch kunlik sammit yakunlari bo‘yicha G7 moliya vazirlarining qo‘shma bayonoti e’lon qilindi. Kanada ayni paytda AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Yaponiyani o‘z ichiga olgan G7'ga raislik qilmoqda. Rossiya 2014 yilda Qrim qo‘shib olinganidan keyin sobiq «katta sakkizlik»dan chiqarib yuborilgan edi.

Isroil aviazarbalarni to‘xtatmayapti: qurbonlar oshmoqda

Isroil armiyasining blokadadagi G‘azo sektorining janubidagi Xon Yunus shahriga uyushtirgan hujumlari natijasida 32 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Xususan, Falastinning WAFA axborot agentligi xabariga ko‘ra, Xon Yunus chekkasidagi Al-Absan posyolkasida joylashgan Dag‘ma oilasining uyiga qilingan hujum oqibatida 11 kishi, asosan bolalar halok bo‘lgan. Ko‘plab og‘ir yaradorlar borligi ham aytilmoqda.

Xon Yunusda boshqa bir turar joy uyiga qilingan Isroil hujumi natijasida yana 3 nafar falastinlik, jumladan 2 bola halok bo‘lgan. Bombardimonlar va vayron bo‘lgan infratuzilma tufayli tez yordam brigadalari yaradorlarni shifoxonalarga olib borishda katta qiyinchiliklarga duch kelmoqda.