Hujjat bilan prezidentning PF-88-son farmonini ijro etish vazifalari belgilandi. Ular 2025 yil 1 iyuldan respublikaning 15 ta tuman (shahar)larida, Samarqand viloyatida esa 2026 yil 1 yanvardan sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli tajriba-sinov loyihasini joriy etishga yo‘naltirilgan:
- birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish orqali oilaviy poliklinikalarda ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifat va samaradorligini oshirish;
- tibbiy yordam ko‘rsatishda tibbiyot muassasalari, aholi va tibbiyot xodimlarini aniq vazifalar, huquq va majburiyatlar bilan ta’minlash;
- tibbiyot xodimlarining bilim va malakasini oshirish, ularning mehnatiga munosib haq to‘lash tizimini joriy etish;
- aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda qisqa muddatli choralarni o‘z ichiga olgan "Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar" dasturini amalga oshirish.
Tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari amaldagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini xatlovdan o‘tkazadi va ularni Tajriba-sinov loyihasi talablariga muvofiq yuridik shaxs maqomiga ega tegishli tipdagi oilaviy poliklinika shaklida qayta tashkil etadi.
Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar markaziy shifoxonalarning maslahat-diagnostika bo‘linmalariga aylantiriladi.
Tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari – mustaqil balansga, shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga va davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga ega davlat boshqaruvi organi. O‘z faoliyatida tegishli tuman (shahar) hokimligi va sog‘liqni saqlash boshqarmasiga bo‘ysunadi.
Tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari xodimlariga hujjat bilan tasdiqlangan tarif razryadlari qo‘llangan holda ish haqi hisoblanadi. Bunda tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlariga bo‘ysunuvchi tibbiyot muassasalari tomonidan pulli asosda ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlardan tushumlarning 2 foizi ushbu bo‘limlarning budjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi.
Tajriba-sinov loyihasi doirasida oilaviy poliklinikalar quyidagilarni amalga oshirishga majbur:
- tibbiyot brigadalari va biriktirilgan aholi o‘rtasida kelishuv tuzish;
- kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatishni ta’minlash;















