Isroilning blokadadagi G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 54 510 nafarga yetdi.
G‘azodagi Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, faqat oxirgi 24 soat ichida sodir etilgan hujumlarda 40 kishi halok bo‘lgan, 208 kishi jarohatlangan. 2023 yil 7 oktyabrdan beri jami jarohatlanganlar soni 124 901 nafarga yetdi.
Isroil 19 yanvarda kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi tugagan kundan boshlab, 18 martdan beri G‘azoga hujumlarini qayta boshladi. O‘shandan beri hujumlarda 4240 falastinlik halok bo‘ldi, yana 12 860 nafari yaralandi.
8 kun ichida G‘azodagi havo hujumlarida 102 falastinlik halok bo‘ldi, 490 nafari yaralandi
27 maydan beri Isroil armiyasining G‘azo sektoridagi gumanitar yordam tarqatiladigan hududlarga qilgan hujumlarida 102 kishi halok bo‘ldi, 490 nafar falastinlik yaralandi.
G‘azo hukumati matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, AQSh va Isroil ishtirokida tashkil etilgan «G‘azo gumanitar jamg‘armasi» tomonidan oziq-ovqat tarqatiladigan hududlarda falastinliklar nishonga olingan.
Hisobotda Isroilning AQSh-Isroil jamg‘armasi ko‘magida tashkil etilgan yordam tarqatish joylarida falastinliklarga hujum qilib, «tizimli genotsid» uyushtirayotgani ta’kidlangan.
«Isroil rejimi yordam tarqatish markazlarini ommaviy o‘lim tuzog‘iga aylantirmoqda. Atigi sakkiz kun ichida qurbonlar soni 102 nafarga, yaradorlar soni esa 490 nafarga yetdi», deyiladi bayonotda.
Rasmiylar, shuningdek, birgina Rafahdagi Isroil-Amerika gumanitar markazi yaqinida sodir etilgan hujumda 27 falastinlik halok bo‘lganini va 90 dan ortiq kishi jarohatlanganini ta’kidlagan, ular buni «qasddan qilingan qirg‘in» deb ta’riflagan.
Bayonotga ko‘ra, Isroil harbiylari nazorati ostidagi hududlarda joylashgan «yordam markazlari» shiddatli blokada va ochlikdan aziyat chekayotgan falastinliklarni o‘ziga jalb qilib, «qonli tuzoqlarga aylangan».
Qayd etilishicha, ushbu tarqatish markazlari mustaqil gumanitar tashkilotlar nazorati ostida emas. Isroil tuzilmalari va Amerikaning xususiy xavfsizlik kompaniyasi tomonidan boshqariladigan ular «insonparvarlik missiyasi niqobi ostida qotillik nuqtalari»ga aylandi.










