Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 iyun kuni Xorijiy investorlar kengashining uchinchi majlisi arafasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

O‘zbekiston bilan ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Qo‘shma loyihalar portfeli kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi: YeTTBning O‘zbekistonga investitsiyalari 5,5 milliard yevrodan oshdi. Joriy yilda yana 1,1 milliard yevro jalb qilish rejalashtirilgan bo‘lib, uning katta qismi xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Sheriklik strategiyasi samarali amalga oshirilmoqda. YeTTB faol ko‘magi bilan bank sohasini transformatsiya qilinmoqda. Davlat rahbari hamkorlik natijadorligini oshirish muhimligini ta’kidlab, uning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.

Suv ta’minoti tizimini texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish dasturini ilgari surish, ipoteka bozorini, erkin iqtisodiy zonalar infratuzilmasini rivojlantirish, kichik va o‘rta biznes imkoniyatlarini kengaytirish, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlar shular jumlasidan.

Ta’lim va tibbiyot sohalarida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ilgari surish, sun’iy intellektni joriy qilish va raqamli transformatsiyaga qaratilgan startaplarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Toshkent investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Italiyaning Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. O‘zaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Yaqinda Samarqand shahrida bosh vazir Jorja Meloni bilan o‘tgan muzokaralarning natijalari, ular davomida hududlararo aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olingani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda Lombardiya kompaniyalari bilan hamkorlikda pomidor, za’faron yetishtirish, noto‘qima mato va trikotaj, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Tayyor tekstil, avtoelektronika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, sut va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, jamoat transportini rivojlantirish va boshqa loyihalar ishlab chiqilmoqda.