Isroil 13 iyunga o‘tar kechasi Eron bo‘ylab zarba berishni boshladi. Havo hujumlari nishonlari uranni boyitish bo‘yicha korxonalar, raketa bazalari, shuningdek Islom inqilobi muhofizlari rahbariyati hamda yadro sohasidagi olimlar bo‘lmoqda. Hujum davom etmoqda.
Hujumlar oqibatida yadro sohasi olimlari hamda Eron harbiy qo‘mondonligi vakillari halok bo‘lgan. Tehrondagilar olti nafar olim – Abdulhamid Manuchehr, Ahmadrizo Zulfiqoriy, Amir Husayn Feki, Mutallab Blizoda, Muhammad Mahdi Tehronchi va Fariddun Abbosiyning o‘limini tasdiqlagan. Isroil mudofaa armiyasi avvaliga Eron qurolli kuchlari birlashgan shtab bosh qo‘mondoni Muhammad Bag‘iriy, Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni Husayn Salomiy, Eron qurolli kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari – favqulodda vaziyatlar bo‘yicha shtab boshlig‘i G‘ulom Ali Rashid o‘ldirilgani haqida bayonot berdi.
Keyinroq Reuters agentligi Isroilning Eronga zarbalari oqibatida kamida 20 nafar eronlik yuqori martabali qo‘mondon halok bo‘lganini xabar qildi. Isroil harbiylari ma’lum qilishicha, qiruvchi samolyotlar Islom inqilobi muhofizlari korpusi havo-kosmik kuchlari qo‘mondoni Amir Ali Hojizoda va boshqa yuqori martabali mulozimlar yig‘ilgan obektga zarba bergan. Hojizoda bilan birga havo kuchlari dron bo‘linmasi qo‘mondoni Tohir Pur va havo hujumidan mudofaa kuchlari qo‘mondoni Dovud Shayxiyon ham halok bo‘lgan.

Natanzdagi uranni boyitish korxonasi zarbaga uchragan – Isroil maxsus xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, obekt yakson etilgan. Xalqaro atom energetikasi agentligi Busherdagi atom elektr stansiyasi, Fordodagi uranni boyitish korxonasi va Isfahondagi yadro obektiga zarar yetmaganini ma’lum qilgan.
Isroil hujumi chog‘ida Tehronning ba’zi hududlari ham zarba ostida qoldi, turar joy binolariga zarar yetkazildi. Tasnim agentligi ma’lumotiga ko‘ra, poytaxtda 50 kishi jarohatlangan, ulardan 35 nafari ayollar va bolalardir.
Qizil Yarim oy vakilining aytishicha, Eronning 12 viloyatida 100 nafarga yaqin odam jarohatlangan, ulardan 95 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Bir qutqaruvchi halok bo‘lgan, yana biri yaralangan.
«Yuqori aniqlikdagi va sinxronlashtirilgan operatsiya»ni o‘tkazish uchun 200 ta qiruvchi samolyot jalb qilingani, jami 330 ta turli o‘q-dorilar qo‘llangani, 100 dan ortiq nishonlar yo‘q qilingani ma’lum qilingan.
Eron Isroil hujumiga javoban yuzlab dron uchirdi.
















