AQSh Prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Eron va Isroil «to‘liq va mutlaq» o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgani, bu bir necha soat ichida kuchga kirishini yozdi.

Dushanba kuni Tramp bu bayonotni Eron tomonidan Qatardagi AQSh harbiylari joylashgan Al-Udayd aviabazasiga raketa hujumi uyushtirilganidan so‘ng e’lon qildi.

«BARChAGA TABRIK! Isroil va Eron o‘rtasida to‘liq va mutlaq O‘T OChIShNI TO‘XTATISh bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu kelishuv taxminan 6 soatdan so‘ng kuchga kiradi – ayni paytda har ikki tomon yakuniy harbiy operatsiyalarini tugatmoqda. Kelishuvga ko‘ra:

–      Eron birinchi bo‘lib o‘t ochishni to‘xtatadi,

–      12 soatdan so‘ng Isroil ham o‘t ochishni to‘xtatadi,

–      24-soatda esa «12 KUNLIK URUSh»ning rasman yakunlangani butun dunyo tomonidan e’tirof etiladi.

Har bir tomon o‘z navbatidagi o‘t ochishni to‘xtatish davrida tinch va hurmatli bo‘lishi kerak. Hammasi reja bo‘yicha ketadi, bunga shubha yo‘q. Men Isroil va Eronga bu urushni yakunlash uchun namoyon qilgan sabr-toqat, jasorat va aql-idrok uchun tabrik aytaman. Bu urush yillar davom etishi va butun Yaqin Sharqni vayron qilishi mumkin edi – lekin bu sodir bo‘lmadi va hech qachon bo‘lmaydi!», deb yozgan AQSh prezidenti Donald Tramp.

Oq uy mansabdorining bildirishicha, Prezident Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Eron rasmiylari bilan suhbatdan so‘ng o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni e’lon qilgan. Muzokaralarga Qatar vositachilik qilgan.

The New York Times nashriga ko‘ra, ismi oshkor etilmagan Oq uy rasmiysi Qatar amiri Shayx Tamim bu muzokaralarda muhim rol o‘ynaganini aytgan. Kelishuv AQSh sharqiy soatiga ko‘ra 18:00da e’lon qilingan. Biroq bu xabar Tramp ma’muriyatining ayrim yuqori lavozimli amaldorlarini ham hayratga solgan.