AQSh razvedka idoralari Amerika zarbalari Erondagi yadroviy inshootlarga yetkazgan zararni baholashda Oq uyning fikriga qo‘shilmadi. Pentagon mamlakat yadroviy dasturi qaytarilmas tarzda yo‘q qilingani yo‘q deb hisoblaydi, deya xabar berdi Amerikaning CNN telekanali va The New York Times gazetasi 24 iyun, seshanba kuni idoradagi manbalarga tayanib.

Pentagon razvedka boshqarmasining OAV manbalari tayangan hisobotiga ko‘ra, AQShning Fordo, Natanz va Isfahondagi obektlarga bergan zarbalari Eronning yadroviy dasturini faqat bir necha oyga to‘xtatib qo‘ygan. Nashr manbalarining ta’kidlashicha, boyitilgan uran zaxiralari bu maydonlardan oldindan ko‘chirilgan bo‘lishi mumkin va uranni yanada boyitish uchun zarur bo‘lgan sentrifugalar «asosan buzilmagan».

CNN ta’kidlashicha, Eron yadroviy inshootlariga AQSh hujumlari natijasida yetkazilgan asosiy zarar yerusti tuzilmalari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shu bilan birga, ko‘plab harbiy ekspertlarning fikriga ko‘ra, Isroil AQShni Eronga hujumga qo‘shilishga ko‘ndirgan, chunki Vashingtonda noyob GBU-57A bombalari — tog‘ ostida yashiringan Fordodagi obektga yetib borishi mumkin bo‘lgan snaryadlar bor edi.

Bundan tashqari, Erondagi uranni boyitish bo‘yicha kichik maxfiy inshootlar ham daxlsiz qoldi, deb yozadi NYT Isroilning ismini oshkor etmagan rasmiylariga tayanib. Ularning fikricha, Tehron bunday markazlarni Fordo va Isfahon kabi majmualar vayron qilingan taqdirda ham mamlakat yadroviy dasturi davom etishi uchun maxsus qurgan.

Bloomberg avvalroq sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar va Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA)ning nomi oshkor etilmagan vakillariga tayanib, xuddi shunday baho bergan edi. Misol tariqasida ular suratlarda ko‘rinib turgan Isfahon inshootiga qilingan hujum oqibatlarini keltirib o‘tdi – inshootdagi uchta reaktor zarar ko‘rmagan, garchi atrofdagi yirik binolarning aksariyati vayron bo‘lgan.

Ushbu baholash, shuningdek, hujumlardan keyin uchta obektda ham radioaktivlik darajasining ko‘tarilmagani bilan ham qo‘llab-quvvatlanadi, agar reaktorlar shikastlangan bo‘lsa, bu sodir bo‘lardi, deya ta’kidlaydi AEXA. Bloomberg manbalariga ko‘ra, Amerika Qo‘shma Shtatlarining bunday tanlovi ataylab qilingan, ammo AEXA vakillari bu qarorning ehtimoliy sabablarini keltirmagan.

AQSh prezidenti Donald Tramp Amerikaning Erondagi yadroviy inshootlarga hujumi muvaffaqiyatiga shubha qilgan OAVni haqorat qildi. U bunday ommaviy axborot vositalariga nisbatan «yutqazganlar» va «axlat» so‘zlarini ishlatib, Erondagi obektlarga bomba tashlagan samolyotlar uchuvchilaridan uzr so‘rashi kerakligini, chunki harbiylar missiyani ajoyib tarzda bajarganini aytdi.