NATO sammitidan keyingi matbuot anjumanida chiqish qilgan AQSh prezidenti Donald Tramp, uning mudofaa vaziri Pit Hegset va davlat kotibi Marko Rubio bilan / Foto: The New York Times

25 iyun kuni jahon siyosatining diqqat markazida turgan hodisa — NATO yetakchilarining yillik sammiti bo‘ldi. Unda NATO davlatlari AQSh prezidenti Donald Trampning bir necha oylik bosimidan so‘ng, 2035 yilga borib mudofaa xarajatlarini YaIMning 5 foizigacha oshirishga kelishib oldi.

Ittifoqchilarning qo‘shma bayonoti

NATOga a’zo 32 davlat yetakchilari imzolagan Qo‘shma bayonotda ular «chuqur» xavfsizlik tahdidlariga qarshi birlashganliklarini ta’kidlagan.

«Biz Vashington shartnomasining 5-moddasida mustahkamlanganidek, kollektiv mudofaa prinsipiga — a’zolardan biriga qilingan hujum hammaga qilingan hujum degan tamoyilga — sobit sodiqligimizni yana bir bor qat’iy tasdiqlaymiz. Biz bir milliard fuqaromizni, Alyansni himoya qilish va ozodlik hamda demokratiyamizni asrash borasidagi qat’iy qarorimizda sobitqadam qolamiz», deyiladi.

Foto: NATO

Bayonotda «Rossiyaning uzoq muddatli tahdidi» va terrorizm alohida ko‘rsatib o‘tildi. Bu yilgi bayonotda, o‘tgan yildagidan farqli ravishda, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi qoralab o‘tilmagan.

«Chuqur xavfsizlik tahdidlari va muammolari, xususan, Yevro-Atlantika xavfsizligiga Rossiyaning uzoq muddatli tahdidi hamda terrorizmning davomli tahdidi qarshisida birlashgan holda, Ittifoqchilar 2035 yilga borib yalpi ichki mahsulotning (YaIM) 5 foizini yillik ravishda asosiy mudofaa ehtiyojlari, shuningdek, mudofaa va xavfsizlik bilan bog‘liq xarajatlarga sarflash majburiyatini oladilar».

Bu mablag‘ning 3,5 foizi an’anaviy harbiy ehtiyojlar — askarlar, qurollar, snaryadlar va raketalar uchun ajratiladi. Bu hozirgi 2 foizlik maqsaddan ancha yuqori. Qolgan 1,5 foiz esa «harbiylikka yaqin» loyihalar — yo‘llar va ko‘priklarni yaxshilash, favqulodda sog‘liqni saqlash xizmatlari, kibermudofaa va fuqarolik barqarorligi kabi sohalarga sarflanadi.