Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekistonni soliqqa tortish bazasini kengaytirish va soliq tushumlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini tiklash bo‘yicha choralar ko‘rishga chaqirdi. Bu haqda XVJ missiyasining mamlakatga tashrifi yakunlari bo‘yicha tayyorlagan xulosasida keltirib o‘tilgan.
«2025 yilgi budjet umuman olganda soliq imtiyozlarini kengaytiradi va mavjudlarini uzaytiradi. Bu esa soliq bazasining o‘sishini sekinlashtiradi hamda soliq tushumlarining YaIMga mutanosib ravishda o‘sish imkoniyatini cheklaydi», deyiladi hisobotda.
XVJ hukumatga kelgusi uch yil mobaynida daromadlarni oshirishning o‘rta muddatli strategiyasini ishlab chiqish va soliq tizimini yanada adolatliroq qilishni tavsiya qildi. Bu 2020 yildan keyingi davrda yalpi ichki mahsulotning 2 foizlik nuqtasi yo‘qotilishini qoplashga ko‘maklashishi kerak.
- XVJning texnik yordam bo‘yicha tavsiyalarida quyidagi takliflar mavjud:
- aksiz solig‘ini oshirish (masalan, spirtli ichimliklar, yoqilg‘i, transport vositalari va shakar uchun). Bu YaIMning 1,1 foizigacha daromad keltiradi;
- investitsiya imtiyozlarini kamaytirish, daromadlarga asoslangan soliq imtiyozlari va foyda solig‘idan ozod qilishni qayta ko‘rib chiqish. Bu YaIMning 1,1 foizigacha daromad keltiradi;
- samarasiz bojxona imtiyozlarni bekor qilish va yangi yengilliklar berishni to‘xtatish. Bu YaIMning 3,2 foizigacha daromad keltiradi.
«Soliq tizimini adolatliroq qilish uchun daromad solig‘ining hozirgi bir xil stavkasini progressiv stavkaga almashtirish kerak», deya qayd etilgan hisobotda.
«O‘zbekiston hali na rivojlangan, na to‘liq bozor iqtisodiyotiga o‘tgan davlat»
Iqtisodchi Yuliy Yusupov Xalqaro valuta jamg‘armasi tavsiyalarini keskin tanqid ostiga oldi.
«Mutaxassis sifatida alohida shaxslar va tarmoqlarga beriladigan imtiyozlar to‘liq barham topishi kerakligiga to‘liq qo‘shilaman. Chunki bunday imtiyozlar bozor mexanizmlarining to‘g‘ri ishlashini izdan chiqaradi, korrupsiya va raqobatni cheklovchi muhitni shakllantiradi.
Biroq, XVJ tomonidan budjet daromadlarini oshirish zarurati borasida bildirilgan fikrlar hayrat uyg‘otadi. Ularning ta’kidlashicha, 2020 yildan buyon YaIMga nisbatan budjet tushumlari kamaygan va buni qoplash lozim ekan. Ammo Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ma’lumotlariga qaralsa, bunday kamayish kuzatilmagan: 2020 yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari YaIMning 26,9 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 30,5 foizga yetgan. Shunisi rostki, davlat xarajatlari bundan ham ko‘proq o‘sdi — 29,1 foizdan 35,5 foizgacha. Albatta, budjet tushumlari o‘sishi davlat xarajatlari sur’atiga yetmayapti, bu esa budjet taqchilligi va davlat qarzining oshib borishiga olib kelyapti. Savol tug‘iladi: bunday vaziyatda, iqtisodiyot zimmasiga tushayotgan soliq yukini yanada oshirish kerakmi yoki, aksincha, shishirilgan va tez o‘sib borayotgan davlat xarajatlarini qisqartirish lozimmi?» deya yozdi Yusupov.















