"Avvalo, Yangi O‘zbekistonning yangilanayotgan matbuotida, teleradiokanallar, internet nashrlari, nashriyot va matbaa korxonalarida, axborot xizmatlari va platformalarida o‘z burchini sidqidildan ado etib kelayotgan siz, hurmatli jurnalistlar, muhtaram faxriylarni, barcha ijodiy va texnik xodimlarni bugungi kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Global ijtimoiy-siyosiy jarayonlar beqiyos shiddat bilan o‘zgarayotgan hozirgi o‘ta murakkab va notinch dunyoda ommaviy axborot vositalarining o‘rni va ta’siri har qachongidan ham kuchli ahamiyat kasb etayotganini hammamiz sezib-anglab turibmiz.
Shu ma’noda, bepoyon mediaolamda xolis va haqqoniy axborot tarqatish bilan birga, milliy manfaatlarimizni qat’iy himoya qiladigan jurnalist ahlining mashaqqatli mehnatini muqaddas sarhadlarimizda sergak turgan Vatan posbonlarining jasoratiga qiyoslasak, o‘ylaymanki, o‘rinli bo‘ladi.
Ushbu qutlug‘ ayyomda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tarixiy ishlarga o‘z iste’dodi, professional mahorati bilan munosib hissa qo‘shib kelayotgan ommaviy axborot vositalarining barcha xodimlariga xalqimiz nomidan yuksak hurmat va ezgu tilaklar izhor etish men uchun katta sharafdir", deydi prezident.
Ta’kidlanishicha, respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan 2 ming 400 ga yaqin ommaviy axborot vositalarining 65 foizi nodavlat sektor hissasiga to‘g‘ri kelayotgani, xususiy nashrlar, teleradiokanallar, internet resurslari tobora ortib, ulardan foydalanuvchilar soni 14,7 milliondan 32,7 millionga yetgani, axborot kontentlarini yaratuvchilar safi kengayib borayotgani mamlakat media sohasidagi salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, milliy mediakontentni rivojlantirish yo‘lida yosh ijodkorlar, mustaqil studiya va prodyuserlik markazlari faoliyati qo‘llab-quvvatlanayotgani virtual makonda yuksak sifatli, raqobatbardosh loyihalar paydo bo‘lishi uchun zamin yaratmoqda.
"Mamlakatimizda fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini, matbuot va so‘z erkinligining qonuniy ijrosini ta’minlash bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Biz kelajagimiz egalari bo‘lgan farzandlarimizni barkamol etib tarbiyalash bilan birga, ularni zararli axborotlardan himoya qilishga ham alohida e’tibor bermoqdamiz. Bu borada 2030 yilgacha bolalar uchun mo‘ljallangan milliy kontentlar, jumladan, nashr mahsulotlari foyda solig‘idan ozod qilinib, ijtimoiy soliq 1 foiz miqdorida belgilangani, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tartibi joriy etilgani muhim qadam bo‘ldi.
Ana shu o‘zgarishlarning davomi sifatida yaqinda Bolalar kontentini rivojlantirish markazini tashkil etdik. Ushbu markaz yosh avlodimizni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularni ezgulik va ma’rifatga oshno etish bo‘yicha amaliy harakatlarni boshlab yuborgani albatta e’tiborlidir.















