Lviv, Poltava, Cherkass, Mikolayiv va Zaporijjya oblastlarida vayrongarchiliklar kuzatilgan. Hujumni qaytarish chog‘ida ukrainlarning F-16 qiruvchi samolyoti qulagan, uning uchuvchisi halok bo‘lgan.
Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari yakshanbaga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari turli xildagi 477 ta dron, jumladan, 250 dan ortiq «Shaheed» apparatlari yordamida Ukrainaga hujum qilganini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, harbiy-havo kuchlari «Kinjal» rusumli 4 ta aeroballistik raketa, «Iskander-M» majmuasining 7 ta ballistik raketasi, X-101 rusumli 41 raketa, «Kalibr» rusumli 5 ta raketa (ular Qora dengiz hududidan uchirilgan), shuningdek, S-300 tizimining uchta ballistik raketasi bilan zarba berilganini ma’lum qilgan.
Ukraina qurolli kuchlarining Kiyev vaqti bilan soat 08:30 gacha bo‘lgan ma’lumotlariga ko‘ra, 475 ta havo nishoni zararsizlantirilgan, shundan 249 tasi o‘t ochish vositalari bilan urib tushirilgan, yana 226 tasi esa «lokatsiyasini yo‘qotgan» (Ukraina harbiylari nishonlar radar ekranlaridan talafot yetkazmasdan g‘oyib bo‘lganida shunday so‘zlarni ishlatadi).
Rossiya mudofaa vazirligi yirik zarba haqida qisqa xabar e’lon qildi, biroq unda Rossiya raketalari va dronlari aynan qaysi nishonlarga zarba berishga uringani haqida batafsil ma’lumot yo‘q. Faqat bunday xabarlar uchun odatiy bayonot bor, ya’ni zarba «Ukrainaning harbiy-sanoat majmuasi obektlari va neftni qayta ishlash zavodlari»ga berilgan.
Avvalroq kuzatuvchilar tez orada Rossiya Ukrainaga dronlar bilan yopirilma zarbalar berishi, bir hujumda yarim ming «Shaheed»dan foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi.
Hujum qanday boshlangan?
Kechqurun Ukraina hududiga Rossiyaning yuzlab dronlari uchib kira boshladi, soat birdan keyin havo trevogasi mamlakatning g‘arbiy oblastlariga ham yetib bordi.
Keyin Qora dengiz hududidan uchirilgan «Kalibr» qanotli raketa guruhlari, so‘ngra Tu-95MS bombardimonchi samolyotlaridan X-101 qanotli raketalari bir necha to‘lqin bo‘lib Ukrainaga uchib kirdi. Raketalar sharq va janubdan uchib kelib, Ukraina g‘arbiga yo‘nalgan.
Shuningdek, Rossiyaning MiG-31K samolyotlari ikki marta havoga ko‘tarilib, «Kinjal» aeroballistik raketalarini uchirgan, bir nechta yer usti komplekslari ham ballistik raketalar bilan zarba bergan. Raketa hujumi deyarli ertalab soat 5 gacha davom etgan.
Poltava oblastining Kremenchug shahriga bir nechta raketa hujum qilgani ma’lum: «Kinjal» aeroballistik raketalari bilan ham, yerdan otilgan raketalar bilan ham. Bu shahar so‘nggi haftalarda bir necha bor Rossiyaning yirik zarbalari nishoniga aylanmoqda.




















