O‘zbek issiqxonachilari nafaqat an’anaviy tashqi bozorlarni, hatto ichki bozorni ham Turkmanistonga boy bermoqda. Bozorlarimizda Xitoy pomidorlari paydo bo‘la boshlagani ham – sohaning jar yoqasiga qarab ketayotganidan darak. Kun.uz muxbiri Shokir Sharipov Meva-sabzavotchilar assotsiatsiyasi raisi Abdurahim Abduvaliyev bilan Buxoro, Qashqadaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida bo‘lib, milliardlab mablag‘ sarflangan, hozir esa barbod ahvolda yotgan issiqxonalarga guvoh bo‘ldi.

Tasavvur qiling, iqlim o‘zgardi, jazirama issiqlar ko‘payib, yomg‘irlar kamayib ketdi. Suv kamligidan yashil yerlar cho‘lga aylana boshladi va yegulik yetishtirish qiyinlashib ketdi.

Mana shunday paytda bizlarga issiqxonalar yordamga keladi. Zamonaviy issiqxonalar suv va boshqa ashyolarni kam sarflab, ko‘p mahsulot yetishtiradigan, tashqarida qumbo‘ron bo‘lib yotsa ham ichkarida muhiti o‘zgarmaydigan bir mega-binolardir. Istaymizmi, yo‘qmi biz shunday istiqbolga qarab ketyapmiz va yaqin kelajakda qaysi mamlakatda zo‘r issiqxonalar ko‘p bo‘lsa, boshqalardan ustun bo‘ladi, boshqalar ularga qaram bo‘ladi. Qaram bo‘lmaslik uchun esa issiqxonachilikni rivojlantirish kerak – ularni rivojlantirish uchun tadbirkorlarga imkon berish kerak – davlat yomon menejer, buni qilolmaydi.

Xatarlarga to‘la bunaqa istibolga tayyorgarlik ko‘ryapmizmi? Ko‘rsatuvimizni ko‘rib, bu haqda bilib olasiz – ma’lumotlangan odam – qurollangan odam.   

Issiqxonachilik sohasi holatini o‘rganish uchun avval Buxoroga bordik – juda ko‘plab issiqxonalar mujassam bo‘lgan hududga. Bu issiqxonalardan biri, ahvolini ko‘rib turibsiz.

O‘ylaman, izlab-izlab shunaqa abgor issiqxonani topib olishibdi deb. Yo‘q, ko‘plab issiqxonalar mana shu ahvolda va nega bu holga kelib qolgani bilish uchun O‘zbekiston issiqxonachilar uyushmasini savolga tutdik.

Abdurahim, biz tavakkaliga mana shu issiqxonani tanladik. Endi sizga savol, qay sababdan mana shu holga keldi bu issiqxona?

- Ko‘rib turganlaringiz, Janubiy Koreyaning zamonaviy ikki gektarlik, 20 ming kvadrat metrlik issiqxonasi. Nima sababdan bunaqa holatga kelib qoldi? Sabablardan biri – kreditlar. 2018 yilda tadbirkor 5 milliard so‘m kredit olgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, ana shu 5 milliard so‘m 8,5 milliard so‘mga aylangan.