Armanistonning sobiq prezidenti Serj Sargsyan poraxo‘rlik va tadbirkorlik faoliyatida noqonuniy ishtirok etishda ayblanmoqda, deb xabar berdi «Armenpress». Jinoiy ish yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Sargsyan 2000—2018 yillarda ketma-ket Armaniston mudofaa vaziri, bosh vazir va prezident lavozimlarini egallab, qonunchilikdagi taqiqlarga qaramay, tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. Aytilishicha, u o‘z mansab mavqeidan foydalanib, o‘ziga ishonchli shaxslar orqali tijorat kompaniyalari tuzgan va ularni boshqargan.

Korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi hisobotiga ko‘ra, Sargsyan o‘ziga tanish M.B. va uning tuzilmalarini Ararat viloyatining Surenavan mahallasida bitum zavodi qurishga jalb qilgan. Shu maqsadda kompaniya tashkil etilgan, uning 50 foiz ulushini M.B. tuzilmalari, qolgan 50 foizini Rossiyaning ikkita kompaniyasi olgan. Ta’kidlanishicha, keyinroq Sargsyan yangi kompaniyadagi 22,5 foiz aksiyani pora tariqasida o‘ziga berishni talab qilgan.