Yozgi yurish boshlanganidan buyon Rossiya qo‘shini Ukrainaning 500 km kv.dan ortiq hududini egallab oldi – bu 2025 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich.
Guvohlarning xabarlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi moto va kvadrosikllarda kam sonli guruhlar bilan hujum qilishni afzal ko‘rmoqda va zirhli texnikadan foydalanishni tobora kamaytirmoqda.
Ukrainlarning DeepState harbiy-tahliliy proyektiga ko‘ra, Rossiya armiyasi ayniqsa Novopavlovsk, Pokrovsk va Sumi yo‘nalishda tezroq ilgarilamoqda. Iyun oyida egallab olingan hududlarning to‘rtdan uch qismi mazkur regionlarga to‘g‘ri keladi.
Frontdagi hozirgi vaziyat – BBC’ning navbatdagi obzorida.
Novopavlovka yo‘nalishi
Bu uchastka Ukraina qurolli kuchlarining Dnipropetrovsk oblastidagi yirik logistika punkti nomiga atalgan. Novopavlovka Ukraina qurolli kuchlari uchun muhim bo‘lgan yana bir aholi yashash manzili – Mejyevaya posyolkasini to‘sib turadi. Bu nuqta orqali Donetsk g‘arbidagi Pokrovsk va Mirnogradni himoya qilayotgan ukrain qismlariga ta’minot yetkazib beriladi. Bu yo‘nalishda ular Donetsk oblastining Kiyev nazorati ostida qolayotgan so‘nggi shaharlaridir.
Bu hududdagi vaziyat Ukraina qurolli kuchlari uchun og‘irligicha qolmoqda. Iyun oyi mobaynida Rossiyadagi pabliklar bir necha bor Rossiya qo‘shini Dnipropetrovsk oblasti hududiga kirgani haqida xabar tarqatdi. Shu kunlarda ikki oblast chegarasidagi Dachnoye qishlog‘ida olingan navbatdagi video paydo bo‘ldi, unda rossiyalik harbiylar blindajlarni egallab, bayroqlarini ko‘targani aks etgan.
Qishloq boy berilgani va rossiyaliklar Dnipropetrovsk oblasti ichkarisiga yana yarim kilometr ichkariga suqilib kirganini «Muchnoy» chaqiruv belgisiga ega ukrainalik harbiy tasdiqlagan. U «Novopavlovka va Mejyeva mudofaasiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish»ni, shuningdek, yuzaga kelayotgan «cho‘ntak» hududdan qo‘shinlarni olib chiqishni taklif qilgan, chunki Dachnoye egallangach, hududni g‘arbdan o‘rab olish xavfi tug‘iladi.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Dachnoye dushman qo‘liga o‘tganini tasdiqlamagan, Ukrainadagi boshqa manbalar esa rossiyaliklarning Dnipropetrovsk oblasti hududiga kirishi qisqa muddatli va propaganda xarakteriga egaligini aytmoqda.



















