Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 iyul kuni Ozarboyjonning Xonkandi shahrida o‘tkazilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida nutq so‘zladi.
Davlat rahbari sammit butun dunyo hamjamiyati keskin inqirozni boshidan kechirayotgan murakkab bir sharoitda bo‘lib o‘tayotganini ta’kidladi.
«So‘nggi oylarda Janubiy Osiyo va Yaqin Sharqda yuz bergan voqealar barchamizni chuqur tashvishga solmoqda. Xalqaro huquq va global xavfsizlik institutlarining tanazzuli muloqot va hamkorlikni yanada zaiflashtirib, kuch ishlatish va zo‘ravonlikka keng yo‘l ochmoqda. Xususan, tashkilotimiz a’zosi bo‘lgan Eron Islom Respublikasiga nisbatan olib borilgan harbiy harakatlar butun mintaqani urush girdobiga tortish, keng miqyosdagi ekologik halokat o‘chog‘ining vujudga kelish xavfini tug‘dirdi. Eron va Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha erishilgan kelishuvni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ushbu qarorni mintaqadagi keskinlikni yumshatish, xavfsizlikni tiklash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholaymiz», dedi Mirziyoyev.
O‘zbekiston rahbarining ta’kidlashicha, bu kelishuv barcha muammolarni diplomatik va konstruktiv muzokaralar yo‘li bilan hal etish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Shavkat Mirziyoyev ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik va ularni ishlatishdan tiyilish xalqaro xavfsizlikning eng dolzarb masalasi ekanini inobatga olib, dunyo hamjamiyatini yana bir bor yadro qurolidan xoli hududlar geografiyasini kengaytirishga chaqirdi.
Shu bilan birga, Falastin-Isroil ziddiyatini adolatli hal etmasdan turib, Yaqin Sharqdagi tinchlik va barqarorlikka erishish mumkin emasligini aytdi.
«Biz G‘azo sektorida harbiy harakatlarni to‘xtatish, ochlik va g‘ayriinsoniy sharoitdan azob chekayotgan aholiga gumanitar yordam ko‘rsatishga hech qanday to‘siq qo‘ymaslik, Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalariga muvofiq mustaqil Falastin davlatini tashkil etish tarafdorimiz», dedi Mirziyoyev.
O‘zbekiston yetakchisi tashkilot doirasidagi sheriklik bugungi kunda nafaqat tabiiy, balki muhim strategik ahamiyatga ega ekanini aytib, bir qator masalalarga e’tibor qaratdi.
«Eng avvalo, biz tashkilotning o‘rta va uzoq davrdagi ustuvor rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab olishimiz kerak. Bu borada «Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035» konsepsiyasini qabul qilishimiz zarur. Hujjatda savdo, investitsiya, transport, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, turizm va ta’lim kabi an’anaviy yo‘nalishlar bilan birga, innovatsiyalar, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratish lozim.







