Ko‘pincha telefonlarda ko‘rsatilayotgan havo harorati rasmiy e’lon qilinayotganiga nisbatan farq qiladi. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan iqlimshunos, Erkin Abdulahatov esa telefondagi ma’lumotlarda aniqlik yuqori emasligini aytib o‘tdi. «Vodiyliklar havo harorati 48-50 daraja bo‘lganini jo‘natishyapti. O‘sha hududdagi stansiyaga borsak, 41-42 daraja chiqyapti. Demak, 6-7 darajalik farq», – deydi u.

Gidrometeorologiya xizmati agentligi Toshkent observatoriyasi meteorologik stansiyasida 150 yil avval ilk kuzatuvlar olib borilgan. Bu yerda poytaxt bo‘yicha asosiy meteorologik parametrlar, havo va tuproq harorati, havo bosimi hamda uning namligi o‘lchanadi. Havo haroratini aniqlaydigan psixrometrik butka yer sathidan 2 metr balandlikda o‘rnatilgan. Butka ichida termometrlar joylashgan. Quyoshdan himoyalangan, eshigi shimolga qaratilgan. O‘lchovlar har 3 soatda amalga oshiriladi va data.meteo.uz axborot tizimiga joylashtiriladi.

4 iyul kuni soat 17:36 da havo harorati o‘lchab ko‘rildi. Harorat 43 darajaga chiqdi. Gidrometeorologiya xizmati agentligi bosh mutaxassisi Hojiakbar Odilovning aytishicha, kunning eng issiq vaqti odatda soat 16:00-17:00 orasida kuzatiladi.

«An’anaviy usul bilan o‘lchaganda 4 ta termometr turadi. Bittasi oddiy havo haroratini o‘lchaydi, ikkinchisi namlantiruvchi. Bundan havo namligini o‘lchashda foydalanamiz.

Bundan tashqari, maksimal va minimal termometrlar ham bor. Bu o‘sha havo haroratining sutka davomida maksimal va minimal qiymatlarini qayd etish uchun xizmat qiladi. Minimalini hozir olib qo‘ydik. Buni soat sakkizdan (20:00) keyin qo‘yamiz. Shunda tungi vaqtda minimal haroratni qayd etamiz, uning shkalasi 40 darajagacha bo‘ladi. Hozir harorat 40 darajadan oshgani uchun termometrga putur yetishi mumkin», – deydi Odilov.

Iqlimshunos Erkin Abdulahatovga ko‘ra, bu 4 iyul kunlari uchun 150 yilda hech qachon kuzatilmagan eng issiq harorat rekordi hisoblanadi.

«Mana shu meteorologik stansiyada kuzatilgan ma’lumotlar asosida standartlar ishlab chiqilgan. Masalan, havo harorati 10 darajadan yuqori bo‘lsa, daraxtlar gullaydi. 36,6 dan yuqori bo‘lsa, siz to‘g‘ridan to‘g‘ri havo haroratidan ta’sirlanishni boshlaysiz. Hozir biz biroz shamol esayotgani hisobiga havo haroratini unchalik kuchli his qilmayapmiz. Aslida hozir 43 daraja. Biroz shamol esayapti, 1-2 metr/soniya va ter sovib, tanamizga yaxshiroq ta’sir qilyapti.

Lekin har doim ham bunday bo‘lmaydi. Ya’ni shamol tezligi esmagan holatda dimiqish yuzaga keladi. Hozir 2 metr yuqoridagi havo haroratini o‘lchaganimizda, 43,5 daraja chiqyapti va maksimal havo harorati 12:00 va 17:00 orasida 43,4 daraja kuzatildi. Bu mana shu kun uchun rekord desa ham bo‘ladi, chunki Toshkentda kuzatuvlar tarixida eng yuqori harorat 1997 yilda 44,6 daraja kuzatilgan va farq atigi bir darajaga yaqin», – deydi Abdulahatov.