Texas shtatining markaziy qismida kuchli yomg‘irlar ortidan suv toshqini yuzaga keldi. 4 iyulga o‘tar kechasi va tongda hududga bir oylik normadagi yog‘in tushdi. Hant shahri hududida yuz yildan buyon kuzatilmagan yomg‘ir yog‘di, deb yozadi CNN. Daryoda suv sathi keskin ko‘tarilib, sohilbo‘yi hududlarni suv bosgan.

Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, Kerr okrugida kamida 32 kishi halok bo‘lgan, shundan 14 nafari bolalar. Bolalarning yoshlari to‘g‘risida hozircha aniq ma’lumot yo‘q. Shuningdek, Guadalupe daryosi bo‘yidagi Hant shahrida Camp Mystic nomli xristianlarning yozgi lageriga dam olishga kelgan 27 qiz bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda, daryoda suv sathi ikki soat ichida olti metrga ko‘tarilgandi. Texas vitse-gubernatori Den Patrik qizlar haqida ma’lumot yo‘qligi fakti ular halok bo‘lganini anglatmasligini aytib o‘tgan.

Texasda keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv operatsiyasi boshlangan, jabrlangan hududlardan kamida 237 kishi evakuatsiya qilingan, ularning ko‘pchiligi vertolyotlarda olib ketilgan. Meteorologlarning prognozlariga ko‘ra, kuchli yomg‘irlar yog‘ishda davom etadi.

Quyida 4 iyul kuni Texasda olingan suratlar keltiriladi.

Kervill shahrida Guadalupe daryosi bo‘yida suv toshqini oqibatlari
Eric Gay / AP / Scanpix / LETA
Ingrem shahrida suv toshqini boshlanganidan keyingi dastlabki soatlarda qidiruv-qutqaruv operatsiyasi
Michel Fortier / The San Antonio Express-News / AP / Scanpix / LETA
Kervillda Guadalupe bo‘yidagi vayrongarchilik
Eric Gay / AP / Scanpix / LETA
Kervillda Guadalupe daryosi o‘zanidagi toshqin
Eric Vryn / Getty Images