Afğoniston Islom Amirligi (AIA, Afğonistonning tan olinmagan hukumati öz davlatini şunday nomlaydi) Axborot va madaniyat vaziri Xayrulla Xayrxva «Tolibon» hukumatini rasmiy xalqaro tan oliş uçun barça şartlar bajarilganini aytdi. Bu haqda Afghanistan International xabar berdi.

«Afğoniston hukumati Dohada Afğonistonda tinçlik örnatiş böyiça kelişuvga muvofiq rasmiy xalqaro tan olinişi uçun zarur bölgan barça şartlarni bajardi», dedi afğon rasmiysi 2020 yilgi kelişuvlarga işora qilib.

Şuningdek, u AIA rasman tan olinişi mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatga ijobiy ta’sir körsatişini va, xususan, xorijdan sarmoya jalb etişda yordam berişini ta’kidladi. Xayrxva xalqaro hamjamiyatni Rossiyadan örnak olişga va haqiqiy vaziyatni qabul qilişga çaqirdi.

«Afğonistonda xavfsizlik örnatildi, giyohvandlik moddalari işlab çiqariş töxtatildi, korrupsiyaga barham berildi», dedi vazir va bu yutuqlar nafaqat mamlakatning özi, balki butun dunyo uçun muhim ekanini ta’kidladi.

Xayrxva, şuningdek, bir qança davlatlar AIA bilan hamkorlik qilayotganini va uning hukumatini tan olişga yaqin ekanini ta’kidladi. Vazirning aytişiça, amaldagi ma’muriyat sönggi ön yilliklarda birinçi marta butun mamlakat böylab barqaror markazlaşgan hokimiyatni örnatişga muvaffaq bölgan.

Rossiya hozirça AIAni rasman tan olgan yagona davlatdir. Ayni vaqtda Xitoy, Birlaşgan Arab Amirliklari, Özbekiston va Pokiston Kobulga öz elçilarini tayinlagan.

Xayrxvaning bunday bayonotlariga qaramay, aksariyat hukumatlar va xalqaro taşkilotlar «Tolibon»ni tan oliş uçun asosiy şartlarni bajara olmadi, deb hisoblaydi. Bular qatoriga inklyuziv hukumatni şakllantiriş, inson huquqlari, ayniqsa, ayollar huquqlariga rioya etilişini ta’minlaş, terrorizm va giyohvand moddalar savdosiga qarşi kuraş böyiça samarali çoralar köriş kiradi.