2025 yilgi klublar o‘rtasidagi jahon chempionati mojaro bilan yakunlandi. «Chelsi» finalda kutilmaganda «PSJ»ni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va bosh sovrinni o‘ziniki qildi. O‘yin yakunlanganidan keyin ikki jamoa futbolchilari bir-biriga qo‘l berish o‘rniga ommaviy janjal uyushtirishdi.

O‘yin oldidan autsayder sifatida qaralgan «Chelsi» ilk daqiqalardan katta kuch bilan oldinga tashlandi va ketma-ket xafvli vaziyatlarga ega bo‘ldi. Turnir davomida Diyego Simeonening «Atletiko»si, Messi yetakchiligidagi «Inter Mayami» va Habi Alonso boshqaruvida yangi davrga kirgan «Real»ni bir xilda 4:0 hisobida yer tishlatgan «PSJ» esa o‘ziga o‘xshamadi.

Joriy mavsum uchun «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritishga asosiy nomzod sifatida qaralayotgan Usmon Dembele navbatdagi yorqin o‘yinini namoyish etishi kutilgandi, lekin bu oqshom londonliklar yetakchisi Koul Palmerga ataldi. U avvaliga sakkiz daqiqa ichida egizak gollar urdi, biroz o‘tib Joau Pedrini golli uzatma bilan ta’minladi.

Voqealar rivoji kutilmagan ssenariyda ketishi «PSJ» futbolchilarini izdan chiqarib yubordi. Ushbu jamoa futbolchilari ikkinchi bo‘limda juda qo‘pol o‘ynay boshlashdi. Ayniqsa yarimhimoyachi Joau Nevesh bu borada ajralib turdi. U o‘zi uchun qurbon sifatida «Chelsi» himoyachisi Mark Kukurelyani tanladi. Avvaliga portugaliyalik futbolchi hujumda muvaffaqiyatli pas berolmagach, ispaniyalik himoyachini urib ketdi. Kukurelya gazonga yiqilib, jiddiy jarohat olgandek tomosha ko‘rsatdi. Nevesh uni turg‘azib qo‘yishga urindi, ammo jabrlanuvchi bunga unamadi, raqib nari ketganidan keyin esa hech narsa bo‘lmagandek o‘rnidan turib o‘yinni davom ettirdi.

Bu holat tabiiyki Neveshga umuman yoqmadi. Bir necha daqiqa o‘tib Joau oddiy epizodda Kukurelyani ayyorligi uchun jazolashga qaror qilib, uning sochlaridan tortib yiqitdi.

O‘yin bosh hakami Alirizo Fag‘oniy videotakrordan keyin «PSJ» yarimhimoyachisi maydondan chetlatdi.

Keyin esa ikkinchi bo‘limda o‘yinga qo‘shilgan «PSJ» forvardi Gonsalu Ramush ham «Chelsi» hujumchisi Liam Delapga nisbatan o‘ta qo‘pol harakat qildi. Bu vaqtda o‘yin yakuniga ko‘p qolmagan va amalda parijliklarning o‘yinni qutqarib qolishga imkoni yo‘q edi. Mag‘lubiyatga chiday olmagan fransuzlar xunuk harakatlardan o‘zini tiya olmadi.