Farg‘ona shahrida qiziq ishlar bo‘lyapti. Aholi qarshiligiga qaramay al-Farg‘oniy ko‘chasidagi 7 qavatli uyning tomida mehmonxona qurilishi boshlangan. Bundan 3 yil avval ham tadbirkor xuddi shu uyning tomida mehmonxona qurishga hozirlik ko‘rayotgan bir paytda jiddiy qarshilikka uchrab, ishni to‘xtatib qo‘ygandi. Shu kunlarda tomdagi beton bo‘laklari olib tashlanib, yana mehmonxona qurishga kirishilgan.

Kun.uz muxbiri tahririyatga kelib tushgan murojaatga asosan holatni o‘rgandi:

Mehmonxona haqida ustalardan eshitdik...

“Tomdagi betonlarni olishyapti. Remont qilyapmiz deyishdi. Remont uchun bu betonlarni olishning nima keragi bor? Bu uyni ushlab turgan ustun bo‘lsa. To‘rtta bolam bilan yashayman mana shu tomning tagida. Yashashga qo‘rqib qoldik. Nima qurilayotganini aytishmadi. Ustalardan eshitdik bu haqda. Aholining xabari yo‘q. Mustahkam bir yaxshi turgan beton bo‘laklarini “bolgarka”da kesib tashlashdi. Tomga chiqsak, mana shunaqa ahvol. Inspeksiyani chaqirdik, prokuraturaga bordik. Prokuraturadagilar 15 kun ichida masala ko‘rib chiqiladi deyishdi”, deydi Nozima Abdullayeva.

Betonlar olib tashlandi...

“Qurilish qilayotgan Bahodir aka aholiga tomda nima ishlar qilinayotgani haqida hech narsa demadi. Yig‘ilish ham qilgani yo‘q. Nima uchun betonlar olinyapti? Hamma hayron. Janjal ko‘tarilganidan keyin tomdagi siniq shiferlarni almashtiryapmiz deyishga o‘tib oldi.

Tom ustiga nima qurmoqchisizlar deb savol bersak, hech kim javob bermayapti. Ustalar bilan qo‘shnilar gaplashgan. Ular tomda 20 ta uy quriladi deyishgan”, deydi Sevara Abdulhamidova.

O‘zini shirkat boshlig‘i deb tanishtirgan va shu qurilishga bosh-qosh bo‘lib turgan Baxtiyor Ahmedov tomda mehmonxona qurilishi emas, yaroqsiz holatga kelgan shifer va beton bo‘laklarini almashtirish ishlari olib borilayotganini aytdi.

Baxtiyor Ahmedov