O‘zbekistonda yangi uy yoki xonadon sotib olayotganda firibgarlik qurboni bo‘lmaslik uchun quyidagi muhim jihatlarga alohida e’tibor qaratish zarur:
- yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning sotuvchisi xo‘jalik yurituvchi sub’yekt sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganmi va ayni damda mavjudmi (tugatilmaganmi)?
- qurilish ishlari amalga oshirilayotgan yer uchastkasini ajratish to‘g‘risida tegishli hokimlikning qarori mavjudmi?
- quruvchi firma bozorda o‘z o‘rniga egami?
- qurilish loyihasi ekspertizadan o‘tkazilganmi? Qurilish ishlari mazkur loyiha va ekspertiza xulosasi asosida amalga oshirilmoqdami?
Shuningdek, iste’molchilar shartnomaning turiga e’tibor berishi kerak. Sotuvchi va sotib oluvchi o‘rtasida quyidagi shartnomalardan biri imzolanishi mumkin:
- investitsiya shartnomasi;
- ulushli qurilish shartnomasi;
- ipoteka shartnomasi;
- uy joy oldi-sotdi shartnomasi.
Shuningdek, sotib olmoqchi bo‘lgan uy-joyingiz haqiqatan ham daxlsiz yerda qurilganmi-yo‘qmi, huquqiy asos mavjudmi, yaqin kelajakda buzilishi rejalashtirilgan hududga taalluqlimi-yo‘qmi, sizga sotayotgan shaxs shunday vakolatga egami, firibgarlik alomatlari mavjud emasmi, avval ham ushbu shaxsdan xarid qilganlar mavjud bo‘lsa, ularning taqdiri qanday kechdi kabi ochiq savollarga javob olish kerak.
Shartnomaning qaysi bandlariga alohida e’tibor berish lozim?
Xaridor uchun [qiziqishiga qarab] shartnomaning har xil jihatlari ahamiyatli bo‘lishi mumkin. Kimdir faqat narxiga, kimdir muddatiga qaraydi. Umumiy qoida shundayki, shartnomaning barcha jihatlariga qarab chiqish kerak. Bu bilan xaridor ertaga qaysidir masalada nizo yuzaga kelishining oldini oladi.
Shartnomaning muhim shartlari sifatida kvartiraning necha kv.m ekani, qaysi qavatda joylashgani, har bir kv.m uchun qanchadan haq to‘layotgani, qurilish qachon tugashi, qurilish tugaganidan keyin mulk huquqini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish muddati kabilarni ko‘rsatish mumkin.
Shartnomaning yana bir muhim jihati – taraflar javobgarligi masalasi. Quruvchi firmaning javobgarligi qaysidir darajada va xaridorning javobgarligi qaysidir darajada bo‘ladi. Bu kelgusida nizo kelib chiqadigan bo‘lsa, hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.







