Pokrovsk hududida rossiyalik piyodalar guruhlari bilan kechayotgan janglar haqida dastlab 21 iyul kuni DeepState OSINT-proyekti xabar bergandi.
«Dushman bir necha kun oldin brigadalardan birida piyodalar kamayib ketganidan, shuningdek, joylardagi vaziyat ishonchsizligidan foydalanib, Zverevo orqali shahar ichkarisiga kirib keldi. Vaziyat halokatli tus olmasligi uchun zudlik bilan 155-alohida mexanizatsiyalashgan brigada va 68-alohida yeger brigadasi yigitlari vaziyatni o‘nglashiga to‘g‘ri keldi», – deyiladi DeepState xabarida.
Loyiha mualliflari diversantlarni qidirish va yakson etish ishlari davom ettirilayotganini qo‘shimcha qilgan. Pokrovsk janubi-g‘arbiy chekkasidagi Himoyachilar ko‘chasi ustidan nazorat uchun ham janglar ketmoqda. DeepState ma’lumotiga ko‘ra, rossiyalik diversantlar u yerda mustahkam o‘rnashib olishga hamda ukrain harbiylari mashinalariga pistirma qo‘yishga harakat qilmoqda.
BBC manbasi DeepState ma’lumotini tasdiqlagan: uning ma’lumotiga ko‘ra, brigadalardan biri avvaliga diversantlarni o‘z kuchi bilan to‘xtatishga uringan, ammo shaxsiy tarkibdagi yetishmovchilik tufayli buni uddalay olmagan.
Pokrovsk mudofaasi uchun mas’ul bo‘lgan «Donetsk» guruhi 20 iyul kuniyoq aksildiversiya choralari (shaharga yaqinlashib kelgan rossiyalik diversantlarni aniqlash va bartaraf etish) amalga oshirilayotgani haqida bayonot bergandi.

GENYA SAVILOV/AFP via Getty Images
BBC Ukraina xizmati «Xortitsa» operativ-strategik guruhiga qo‘shimcha izoh so‘rab murojaat qildi. U yerdagilar hozirda vaziyat operativ xavfsizlik nuqtayi nazaridan sharhlanmasligini ma’lum qilishgan.
BBC’ning Pokrovskni himoya qilayotgan harbiylar orasidagi o‘z manbasi rossiyalik diversantlar oldin ham shaharning janubiy va janubi-g‘arbiy chekkalariga «kirish»ni amalga oshirib kelganini aytib bergan. Ukrain harbiylari ularni muvaffaqiyat bilan yo‘q qilgan. Ammo bu safar vaziyat biroz boshqacharoq.
Pokrovsk mudofaasi borgan sari qiyinlashmoqda, chunki Rossiyaning asosiy kuchlari oldinga siljishga muvaffaq bo‘lmoqda.










