«Liverpul»ning eng optimistik fanatlari ham yoz bunday o‘tishini kutmagandi: iyul oxiriga kelib klub allaqachon besh nafar yangi futbolchi sotib olib, transferlar bo‘yicha rekordini yangiladi – iyun oyida Virsga 125 million yevro to‘langandi, endi esa 80 million yevro evaziga (15 million yevrogacha yetadigan bonuslar ham va’da qilingan) «Enfild»ga Ekitike tashrif buyurdi.
Angliyaning amaldagi chempioni bu bilan to‘xtamoqchi emas: ko‘plab insaydlarga ko‘ra, Arne Slot yangi markaziy himoyachi olinishini hamda hujum chizig‘i yanada mustahkamlanishini kutmoqda.
Bunday faollik ko‘pchilikni ajablantirdi, chunki «Liverpul» so‘nggi vaqtlarda Yevropaning transferlar oynasida ancha vazmin ishlaydigan va qimmatbaho transferlarga jazm etmaydigan top-klubi hisoblanardi.
2025 yil yozida esa strategiya o‘zgardi va buning o‘z sabablari bor.
«Liverpul» kuchli transfer kampaniyasi o‘tkazish uchun yillar davomida pul tejagandi
2015 yildan keyingi transferlar oynasidagi harajatlar olinganda «Liverpul» toza xarajatlar bo‘yicha (sotuvdan tushgan pullar ayirib tashlanganda) yettinchi o‘rinni band etgan: jamoa APLdagi an’anaviy oltilikning besh vakili hamda «Nyukasl»ni oldinga o‘tkazib yuborgan.
Grandlar transfer rekordlarini yangilash bilan band bo‘lganida, mersisaydliklar o‘z akademiyasidagi futbolchilarga e’tibor qaratib, ularni yangi bosqichga olib chiqishga harakat qilgan.
So‘nggi o‘n yillikda qimmatbaho xaridlar ham bo‘lgan – van Deyk, Alisson, Nunes. Ammo «Liverpul»ning hozirgi rahbariyati uchun bu istisno holatlar edi – bu futolchilar olinishi tufayli klub boshqa pozitsiyalarni kuchaytirmagan va kam sonli transferlar bilan cheklangan.
Endi esa barchasi o‘zgardi.
Yozning dastlabki ikki oyida «Liverpul» Florian Virs, Milosh Kerkez, Jyeremi Frimpong va Ugo Ekitikeni transfer qildi. Shuningdek, transferi haqida bir yil muqaddam kelishib qo‘yilgan Georgiy Mamardashvili rasman safga qo‘shildi, hisobotlarda bu futbolchi ham yangi mavsum uchun transfer sifatida qayd etiladi.
Bu futbolchilar uchun xarajatlar 300 million yevroga yetdi, oldinda esa yana ikki-uch transfer bo‘lishi mumkin. Lekin bu zaxira o‘rindig‘i uchun emas — insayderlar «Real»dagi Rodrigo, «Nyukasl»dagi Entoni Gordon va hatto Aleksander Isak bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilayotganini yozishgan. Shu tariqa, «Liverpul» yozgi transferlar oynasidagi xarajatlar bo‘yicha 400 million yevrolik nuqtadan o‘tishi mumkin.
Agressiv transfer siyosati tashabbuskori – Maykl Edvards, u «Liverpul» egasi hisoblangan Fenway Spors Group kompaniyasida 2024 yildan boshlab barcha futbol amaliyotlarini nazorat qiluvchi menejer hisoblanadi. Avval u klub sport direktori edi (aynan uning davrida Mane, Saloh, van Deyk, Alisson va boshqa ko‘plab yulduzlar olib kelingan, shuningdek, Koutinio 140 million yevroga pullangandi). Endi u klubdagi asosiy rahbarga aylandi va aftidan aynan u Moneyball vektori bo‘yicha bozorda shov-shuv ko‘tarayotgan qimmatbaho transferlar uchun mas’uldir.









