Assalomu alaykum. Bugun 27 iyul, yakşanba. Ötgan hafta voqealarga boy böldi. Makron Fransiya Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olişini aytdi, Isroil Falastinning Ğarbiy sohildagi yerlarini anneksiya qiliş rejasini e’lon qildi, Rossiya va Ukraina Turkiyada navbatdagi nojiddiy muzokara ötkazdi. Osiyoda yana bir uruş boşlandi, Aliyevning bayonotlari sabab Rossiyadagi uruş tarğibotçilari «Ozarboyjon bilan uruşga tayyorlanişga» çaqirdi. Quyida haftaning ba’zi muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.

Isroil Ğarbiy sohilni anneksiya qilmoqçi

Ğazoning kulini kökka sovurgan Isroil endi Falastinga tegişli Ğarbiy sohilga jiddiy e’tibor bermoqçi körinadi. Mamlakat parlamenti Yahudiya, Samariya va Ördun daryosi vodiysi «Isroil davlatining ajralmas qismi ekani» haqida deklaratsiyani ma’qulladi. Bu xalqaro huquqqa köra töla noqonuniy deklaratsiyada Falastinga tegişli Ördunning Ğarbiy sohili ham Isroilniki deb iddao qilingan. Hujjatda bezbetlarça şunday yozilgan: «Ğarbiy sohildagi bu hududlar yahudiylar tarixiy vatanining ajralmas qismi hisoblanadi».

Köp ötmay Isroil Ğarbiy sohilda yana 22 ta aholi punkti qurişini e’lon qildi. Ya’ni, xalqaro huquqqa köra Falastinga tegişli yerlarda yangi Isroil aholi punktlari paydo böladi. Özi bu yerlarnining katta qismini Isroil allaqaçon harbiy yöl bilan bosib olib, uylar qurib keladi. Lekin Tel-Aviv Ğarbiy sohilni öziniki deb oçiq aytmasdi.

Xullas, Isroil Falastinning qolgan yerlarini ham egallaşga kirişdi. Işoning, Isroil bu işi bilan yangi uruşga poydevor qöydi. Bunaqa bezbetlik, «Bu yerlarni bizga Xudo bergan», degan absurd iddao bilan birovning yerini egallab oliş yangi 7 oktyabrlarga yöl oçadi xolos. Bu gaplarni eslab qoling.

Fransiya Falastinni tan oladi

Bilasizmi, hamma davlatlar ham Trampning Amerikasi yoki Netanyahuning Isroili kabi mulohazasiz iş körmaydi. Dunyoda Fransiyaga öxşagan tuzuk davlatlar ham bor. Faranglar lideri Makron Yaqin Şarqdagi bu oxiri yöq uruşni faqat ikki millat uçun ikki davlat quriş orqaligina hal qiliş mumkinligini aytdi. Makronga köra, Fransiya Falastinni mustaqil davlat sifatida tan oladi. Parijning bu borada rasmiy pozitsiyasi sentabrdagi BMT boş assambleyasida e’lon qilinadi.

Fransiya BMT Xavfsizlik kengaşi beş doimiy a’zosidan biri ekani Falastinga çinakam davlat tuziş uçun umid beradi. Şu tariqa Fransiya katta yettilik davlatlari içida Falastinni tan olgan ilk davlat böladi. Binyamin Netanyahu Makronning bu bayonotini «terrorçilikni rağbatlantiruvçi harakat» deb atadi. AQŞ davlat kotibi Rubioga köra, Fransiya Falastinni tan olişi Hamas tarğibotini kuçaytirarkan.