O‘zbek oilalarida yangi tug‘ilgan chaqaloqni erkalab o‘pish odat tusiga kirgan. Tibbiyot bu harakatning go‘dak salomatligi uchun xavf tug‘dirishini tasdiqlaydi. Mutaxassisning ma’lum qilishicha, ota-onadan boshqa kishilar bolaning og‘iz va yuz sohasiga yaqin joydan o‘pganida turli virus va bakteriyalar uning organizmiga kirib olishi mumkin. Bu esa bolaning asab tizimi, nafas yo‘llari hamda limfa tugunlariga zarar yetkazib, bronxiolit, pnevmoniya yoki boshqa og‘ir infeksion kasalliklarga chalinish xavfini oshiradi.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqning immuniteti kuchsiz bo‘ladi va 6 oylikka yetguncha to‘liq shakllanmaydi. Go‘dak ona suti orqali ayrim antitanalarni olsa-da, organizmi yuqumli kasalliklarning barchasiga qarshi o‘zini himoya qila olmaydi. Bunday holatda eng kichik infeksiya ham chaqaloq tanasida salbiy oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin.
“Odamning og‘iz bo‘shlig‘ida millionlab mikroorganizmlar mavjud. Hammasi ham zararli emas, biroq immuniteti zaif hisoblangan chaqaloqlar uchun mazkur yuqumli zarrachalar xavf tug‘diradi va kasallik chaqiradi”, – deydi pediatr Komila Mutalova.
Bolalar shifokorining aytishicha, katta yoshli odam og‘iz bo‘shlig‘idagi mikroblar ko‘pincha o‘z egasi tanasida hech qanday belgi ko‘rsatmaydi, bu holat sog‘lom ko‘ringan shaxsning ham chaqaloq uchun yuqumli infeksiya tashuvchisiga aylanish ehtimoli mavjudligini bildiradi.
“Amaliyotda emizikli bolani begonalar o‘pganidan keyin og‘iz bo‘shlig‘i orqali chaqaloqqa turli bakteriya va infeksiyalar yuqishi kuzatilgan. Ulardan biri – mononukleoz kasalligini keltirib chiqaruvchi Epstein-Barr virusi (EBV). Mazkur zararli mikroorganizm og‘iz orqali o‘tadi. Kattalarda u yengil tarzda bo‘yin limfa tugunlarining shishishi va umumiy holsizlik bilan kechadi, chaqaloqlarda tana haroratining ko‘tarilishi, taloq va jigar shishishi, og‘ir umumiy holat bilan namoyon bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda bola zudlik bilan shifokor nazoratiga olinmasa, xavfli asoratlar yuzaga keladi”, – deydi shifokor.
Shuningdek, kattalarning bola og‘iz bo‘shlig‘i atrofini o‘pishi ortidan uning organizmiga quyidagi viruslar ham o‘tadi;






