AQŞ va Rossiya prezidentlarining juma kuni Alyaskada ötadigan uçraşuvidan Ukraina va Yevropa hadiksirab turibdi. Ukrainaning taqdiri va hududiy yaxlitlik prinsipi Trampni unçalik ham qiziqtirmaydi, u iqtisodiy foyda ilinjida. Putin bunday imkoniyatni qöldan boy bermasligi tayin.
“Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilçilar Tramp va Putin uçraşuvidan oldingi kutilmalar haqida söz yuritdi.
Tramp–Putin uçraşuvi nega aynan Alyaskada bölyapti?
Kamoliddin Rabbimov: Rossiya prezidenti Vladimir Putinga nisbatan Haaga tribunali qamoqqa oliş orderi çiqargani uning xalqaro maydondagi harakat erkinligini keskin çeklab qöydi. Mutaxassislarning aytişiça, Putin xorijga safar qilganda ehtiyotkorlikni kuçaytirgan va tösatdan hibsga olinişi ehtimolidan jiddiy xavotirda. Masalan, u ötgan yili Mongoliyaga borganida, taşrifdan avval xavfsizligi ta’minlanişi va qamoqqa olinmasligi haqida aniq kafolatlar söragan. Bu vaziyat Rossiyaning global maqomiga va siyosiy nufuziga sezilarli salbiy ta’sir körsatmoqda.
Amerikalik bir ekspert bu holatni “qiziqarli” deb baholab, şunday dedi: Rossiya tarixida çor davridan tortib, Sovet Ittifoqi va undan keyingi davrgaça biror rahbar Alyaskaga taşrif buyurmagan. Putin bir vaqtlar AQŞ 7 mln dollarga Rossiyadan sotib olgan Alyaskaga borgan Rossiyaning birinçi rahbari böladi. Ramziy jihatdan bu Rossiya rahbarining tahqirlanişiga öxşaydi: “Biz bu yerni sendan sotib olganmiz, sen esa hozir bu yerlar Amerikaniki ekanini tan olib, mehmon sifatida kelyapsan”.
Uçraşuv joyini Tramp taklif qilgani aytilyapti, Putin bunga rozi bölgan. Çunki Ğarbiy Yevropaga safar qiliş imkoniyati yöq. Arab davlatlariga esa, ehtimol, Tramp özi yaqindagina borib keldim deb rozi bölmagan.
— Uçraşuvdan oldingi kutilmalar qanday?
Kamoliddin Rabbimov: Katta umidlar yöq, çunki bu jarayonda Ukraina va Yevropa Ittifoqi omillari mavjud. Ularning pozitsiyasi özgarişga moyil emas. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy xalqqa va xalqaro hamjamiyatga murojaat qilib, hududlarni beriş huquqi na unda, na parlamentda borligini aytdi. Bunday qaror faqat referendum orqali qabul qilinişi mumkin, Ukrainada esa bu strategik muammo: uruş şaroitida saylovlar ötkazilmayapti.
Rossiyaning resurslari kattaroq: aholisi köp, hududi keng, neft va gaz eksporti hisobiga iqtisodiyoti töliq harbiy rejimga ötgan. Yevropa Ittifoqi ham öz pozitsiyasini bildirgan: “Putin bilan kelişmanglar”. Ularning fikriça, Rossiya bosib olgan hududlarni qonuniy deb tan oliş – boşqa mamlakatlarga ham bosim ötkazişga yöl oçadi va bu Rossiyani rağbatlantiradi. Bu fikr, asosan, AQŞga signal sifatida yöllandi.










