Jahon bozorlarida neft sezilarli arzonlashganiga qaramay, O‘zbekistonda benzin narxlari yangi rekordlarni yangilayapti. Iqtisodchi Otabek Bakirov shunday sharoitda xuddi paxta narxini jahondagi narxlar bilan bog‘lagan kabi, AI-92 benzini narxini ham Brent nefti narxiga bog‘lab qo‘yishga chaqirdi.

11 avgust kuni “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi “AI-92 benzini narxi arzonlashtirildi” degan sarlavhali bayonot tarqatdi.

Bayonotda Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilgan AI-92 rusumli avtobenzinning birja savdolaridagi boshlang‘ich narxi tonnasiga 12 mln 881 ming so‘mdan 12 mln 628 ming so‘mgacha yoki 2 foizga tushirilgani aytilgan.

Bu, o‘z navbatida, 1 litr AI-92 markadagi avtobenzinning birjadagi boshlang‘ich narxi 9 400 so‘m degani”, deyiladi kompaniya xabarida.

“O‘zbekneftgaz” yuqori oktanli yoqilg‘i narxlarini bosqichma-bosqich pasaytirish ishlari davom ettirilishini bildirgan.

“Chalg‘ituvchi raqam”

Tovar-xomashyo birjasi 11 avgust kungi savdolar haqida hali axborot bermadi. 8 avgustdagi savdolar bo‘yicha bugun joylangan axborotga ko‘ra, juma kuni birjada AI-92 benzinining o‘rtacha narxi bir kun oldingidan 2 foizga oshib, 13 mln 314 ming so‘mga yetgan. Bu – narx rekordi yana bir bor yangilanganini ko‘rsatadi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning e’tibor qaratishicha, birjada AI-92 avgust oyi boshidan beri 4,7 foizga qimmatlagan. Bu markadagi benzin bahosi ochiq e’lon qilina boshlagan 2024 yil 4 noyabrdan buyon esa narxlar 12,6 foizga oshgan. Bu davrda Brent tipidagi oliy navli neft narxi 22,4 foizga arzonlagan, dollar kursi esa deyarli o‘zgarmagan.

Shuningdek, Bakirov bir qator omillar sabab AI-92 benzini bahosi “O‘zbekneftgaz” e’lon qilgani kabi har bir litri uchun 9 400 so‘m emas, balki undan ancha qimmatroq bo‘ladi, deb hisoblayapti