Har safar telefonni qo‘lga olayotganda “atigi besh daqiqa foydalanaman” deb maqsad qo‘yasiz. Ammo gadjetga termilib, yarim, hatto bir soatni qanday o‘tkazib yuborganingizni sezmay qolasiz. Mazkur holat odatiy chalg‘ish emas, bu – miyangiz uchun mohirona ishlab chiqilgan psixologik va texnologik tuzoq. Ijtimoiy tarmoqlar “cheksiz aylantirish”, “avtomatik boshlanish” va shaxsiylashtirilgan tavsiyalar orqali sizni virtual dunyoda uzoqroq ushlab qoladi. Har safar yangi post yoki video ko‘rganingizda miyangiz “yana bir marta” degan mukofot signalini oladi. Natijada ekrandan uzoqlashgingiz kelmaydi va tarmoqdagi kontentlarni qancha uzoq tomosha qilsangiz ham zerikmaysiz.

Onlayn platformalar ko‘ngilochar maydon va axborot olish vositasi bo‘lishdan tashqari, ulkan biznes industriyaga ham aylandi. Mazkur platformalarning asosiy maqsadlaridan biri foydalanuvchilarni iloji boricha ko‘proq vaqt davomida ushlab qolishdir.

Buning uchun ijtimoiy media kompaniyalari nevrologiya, psixologiya va sun’iy intellekt tadqiqotlaridan foydalangan holda, diqqatni boshqaradigan kuchli algoritmlar va dizayn mexanizmlarini ishlab chiqmoqda:

  • Infinite scrool” (cheksiz aylantirish): foydalanuvchi ekranni pastga siljitgani sari yangidan yangi kontent chiqib kelaveradi va bu oqim tugamaydi, cheksiz davom etadi. Bu – miyaga “keyingi post qiziqroq bo‘lishi mumkin” degan kutish hissini beradi. Natijada odam ekran oldida reja qilganidan ancha ko‘proq vaqt o‘tkazadi.
  • Autoplay” (avtomatik boshlanish): video tugashi bilan keyingisi avtomatik tarzda boshlanadi. Bir videoni ko‘rib bo‘lgan odam tanaffus qilishga ulgurmasdanoq keyingi kontentga sho‘ng‘iydi, yangi video tanlash haqida o‘ylamaydi. Bu esa “yana bir marta ko‘ray” degan odatni shakllantiradi. Mazkur mexanizmlar insonni doimiy ravishda yangilik izlashga majbur qiladi va e’tiborni jamlash qobiliyatini zaiflashtirib, telefonga qaramlikni oshiradi.
  • Kontentni shaxsiylashtirish: ijtimoiy tarmoqlarga integratsiya qilingan sun’iy intellekt algoritmlari foydalanuvchining harakatlarini kuzatib, uning qiziqishiga mos kontentni ko‘rsatadi, ushbu algoritm odamni platformaga yanada bog‘lab qo‘yadi.

Ijtimoiy tarmoqqa mukkasidan ketish nafaqat ruhiy, balki jismoniy salomatlikka ham jiddiy zarar yetkazadi. Doimiy bildirishnomalar va “yangiliklarni o‘tkazib yuborish qo‘rquvi” (FOMO) asab tizimini zo‘riqtirib, insonda stress va tashvish hissini kuchaytiradi. Boshqalarning “ideal” hayotini kuzatish esa o‘zini ularga solishtirishga, natijada o‘zidan norozilik va tushkunlik holatlarining ortishiga olib keladi. Cheksiz kontent oqimi miyani tez-tez chalg‘itib, bir ishga uzoq e’tibor qaratish qobiliyatini pasaytiradi.