Iyun oyining oxirlarida ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning qoq markazida joylashgan Grand Mir (sobiq «Rossiya») mehmonxonasi o‘rnida 30 qavatdan yuqori bo‘lgan biznes va savdo markazlari qurilishi haqidagi xabarlar tarqaldi.


Iyul oyining o‘rtalarida bloger Nikita Makarenko Grand Mir xodimlariga tayanib, sentabr oyidan boshlab mehmonxona buzilish uchun yopilayotganini ma’lum qildi. Dastlab loyihaning bosh pudratchisi sifatida Koç Construction nomi tilga olingandi, ammo kompaniya ayni paytda qurilish ishlariga aloqasi yo‘qligini bildirdi.
Loyihaning arxitektura konsepsiyasini ishlab chiqayotgan Design Factory kompaniyasi vakili Shavkat Abdullayev Podrobno.uz’ga bergan izohida Grand Mir’ni buzish sentabr oyiga rejalashtirilganini va yil oxirigacha yakunlanishini tasdiqladi.
«Loyiha allaqachon tasdiqlangan, uning doirasida 30 qavatli biznes markazi va ikkita qo‘shimcha bino qurish rejalashtirilgan. Amalga oshirish muddati — ikki-uch yil», degan Abdullayev.

Spot’ning vaziyatdan xabardor manbaga tayanib yozishicha, Grand Mir o‘rnida binolar majmuasini qurish loyihasi allaqachon Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashiga kelib tushgan. Toshkent shahar hokimligi ushbu loyihaga aloqadorligini rad etgan bo‘lsa, Yakkasaroy tumani hokimligi bino shaxsiy mulk bo‘lgani sababli tadbirkorning ishiga aralasha olmasligini bildirgan.
Booking.com saytida 26 avgustdan boshlab Grand Mir xonalarini bron qilish imkoni mavjud emas






