Kun.uz’ga so‘nggi kunlarda o‘qituvchilarning tinimsiz majburiy mehnatga zo‘rlanayotganini isbotlovchi o‘nlab murojaatlar kelib tushmoqda. Deyarli barcha viloyatlarda yangi o‘quv yili boshlanishidan avval ustozlar hokimiyatlarning tekin mardikoriga aylangan. Hattoki, ular balchiq tozalash, sementlash va bo‘yoq qilishga majburlanmoqda. Kun.uz bilan suhbatda aytilishicha, o‘qituvchining obro‘yi oshmas ekan, ta’lim tizimi botqoqlikka botgancha qolaveradi.

Kelib tushgan murojaatlarda ko‘rinishicha, o‘qituvchi va ustozlar rostdan ham oliy ma’lumotli mardikorga aylanib qolgan. Yoshi katta ayollar ko‘cha supurib, bog‘ga gul o‘tqazyapti. Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi maktabda esa erkaklar hovlini sement qilmoqda. Ishga yangi kelganlar balchiq tozalash, tikan chopishga yo‘naltirilgan. Tahririyat qo‘lidagi maktab direktorlarining audiolarida aytilishicha, “topshiriq tepadan kelgan va 20-sanaga qadar birorta ham ish qolmasligi kerak”.

Direktorlar ustozlardan “san-manga bormaslikni, ishlarni bo‘laklab, bilib-bilib qilishni” so‘ragan. Kun.uz vaziyatning realligini baholash uchun suhbatga o‘qituvchilarni taklif qilarkan, ular o‘z ish joyini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqib, qatnashishni rad etdi. O‘qituvchilar bilan tinimsiz suhbatda bo‘lgan mahalla va xotin-qizlar faoli Umida Yakubovaga ko‘ra, ayni paytda hamma o‘qituvchilar asabiy va ta’tili paytida ham ishga chaqirilganidan norozi.

“O‘quvchilarimiz ta’tilda yuribdi va dam olishyapti, biz bo‘lsak, maktab ta’miri, sinf xonalarining ahvoli bilan ovoramiz, deyishdi. Qaysi maktabga borsang, shu ahvol. O‘qituvchilarning menga aytishicha, hozir deyarli barcha maktablarda ustozlar mehnatga jalb qilingan, bostirib borsangiz ko‘rasiz, ular ish bilan band”, deydi Umida Yakubova.

Suhbatda qatnashgan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakili Sardor Rahimboyevning aytishicha, vazirlikning bu boradagi pozitsiyasi – qat’iy: idora majburiy mehnatga 100 foiz qarshi. O‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb qilinishi – bizga bo‘lgan munosabat, deydi u.

“O‘qituvchilarni kim majburiy mehnatga jalb qilyapti – direktor. Direktorlar esa mahalliy hokimiyatlardan topshiriq olgan, ustozlar qo‘rqqanidan kelmadi dedingiz, lekin kelishsa, bizga yaxshi edi. Bir narsani aytay, o‘qituvchilarga ishni hokimiyat emas, vazirlik beradi. Hozir eng katta muammomiz – mana shu majburiy mehnatdan qutulganimizni o‘qituvchilarga ham tan oldirish. Agar hamma o‘z ishini qilsa, huquqini bilsa, hech qanday mehnatga zo‘rlash holatlari bo‘lmaydi”,