Toshkent viloyati va Toshkent tumani hokimlari, viloyat prokurori, IIBB va FVB boshliqlari “Uch qahramon” bozorida bo‘lib, yong‘indan jabr ko‘rganlar bilan suhbatlashdi. Savdogarlarga bo‘sh turgan do‘konlar ajratib berildi. Jinoyat ishi ustida 40 nafar tergovchi ishlayotgani aytildi. Bozor faoliyati 2026 yil 1 martdan to‘xtatilishi mumkin: bu yerda Toshkent metrosi uchun infratuzilma obekti qurilishi ko‘zda tutilgan.

13 avgust kuni Toshkent tumani hokimi Sardor Ergashev, 14 avgustda esa Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev “Uch qahramon” bozoriga kelib, yong‘indan jabrlangan tadbirkorlar bilan muloqot qildi.

14 avgust kungi yig‘ilishda viloyat prokurori Azamat Mirzayev, viloyat IIBB boshlig‘i Abduvosit Abdurazzaqov, viloyat FVB boshlig‘i Abdualaziz Alimatov ham ishtirok etdi.

Yong‘indan jabr ko‘rgan savdogarlarga bozorning boshqa bir qismidagi foydalanilmay turgan do‘konlar ajratib beriladigan bo‘ldi.

Ularga kompensatsiya beriladimi-yo‘qmi, bu masala jinoyat ishi natijalariga ko‘ra hal bo‘ladi.

Kun.uz Toshkent viloyati hokimligidan olgan ma’lumotga ko‘ra, yong‘in oqibatida yetgan zarar miqdori dastlabki baholashda 74 mlrd so‘m (qariyb 5,9 mln dollar)ga baholangan.

20 ming dollar tikkandim. Yongan do‘konimning o‘rniga ochiq joydan boshqa do‘kon beryapti. Svet yo‘q, qachon o‘tkazib berishadi, bilmadim”, deydi Kun.uz suhbatlashgan savdogarlardan biri.

Tavakkal qilib kiryapmiz. Tikishga pulimiz yo‘q, realga “optomchi”larimizdan qarz ustiga qarz olib, mol olib kelamiz. Risk qilib ko‘rmoqchimiz. Endi tuzukroq sharoit ham yo‘q: odam o‘tadigan joylarni tekislab, beton qilib berishi kerak, tepani yopib berishi kerak. Eski joyimizda odam yaxshi bo‘lardi. Katta do‘konimiz bor edi. Hozir kichkina do‘kon berdi. Lekin uniyam egasi chiqib turibdi, o‘zimiz ishlatamiz dedi. Bilmadim. Bozor rahbarlari: ‘Sizlarga qanaqa bosim bo‘lsa, u odam biz bilan uchrashadi’ deb aytgan”, – deydi boshqa bir savdogar.

Tuman hokimi Sardor Ergashev 1 hafta ichida tadbirkorlarga zarur sharoitlar yaratib berilishini aytdi. Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev 17 avgustdan bozor faoliyati tiklanishini ma’lum qildi.

Men bozor faoliyati tiklangan kuni yana kelaman va har bir tadbirkor bilan yana muloqot qilaman. Bozor hududidagi tadbirkorlar orasidan vakillar tanlanadi va ular ishtirokida do‘konlar uchun joylash adolatli taqsimlash nazorat qilinadi”,