Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushning to‘rtinchi yiliga kelib ham asirlar almashinuvi ikki davlat o‘rtasidagi yagona to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa liniyasi bo‘lib qolmoqda. Bu jahon harbiy tarixida kamdan kam uchraydigan holat: urushayotgan tomonlar bunday almashuvlarni muntazam va keng miqyosda amalga oshirmoqda – bu almashuvlarda jami 10 mingga yaqin kishi ishtirok etgan. The Wall Street Journal Rossiya va Ukraina o‘rtasida asirlarni almashish tizimi qanday yuzaga kelgani va qanday ishlashi haqida hikoya qiladi. Gazeta materiali ukrain harbiylari hamda yevropalik diplomatlarning intervyulariga asoslangan – Rossiya vakillari esa savollarni javobsiz qoldirgan. «Meduza» ushbu maqolaning asosiy joylarini keltiradi.

Asirlarni almashish uchun kanal 2014 yilda Minskda Ukraina sharqida Kiyev rasmiylari va Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan mahalliy ayirmachilar o‘rtasidagi mojaroni tugatish (keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, muzlatish) bo‘yicha muzokaralar paytidayoq paydo bo‘lgan.

Minskda rossiyaliklar va ukrainaliklar o‘rtasidagi uchrashuvlarga bosh-qosh bo‘lgan shveysariyalik diplomat Toni Frish ular nomlarni ukraincha va ruscha yozishdan tortib, kim kimga o‘q uzganigacha – deyarli hamma narsa haqida bahslashgan. Tushlik paytida yoki barda tomonlarni yaqinlashtirishga urinishlar hech qanday natija bermagan. Ukrainadagi rossiyaparast partiya rahbari va muzokaralarda Ukraina vakili sifatida qatnashgan Viktor Medvedchuk Moskvaga «nomi besh harfdan iborat bo‘lgan odam» – Vladimir Putinning oldiga borib kelish uchun bir necha bor uchrashuvlarni to‘xtatgan.

2014 yil oxiridan boshlab Kiyev va Donbassdagi «xalq respublikalari» (aslida ularning ortida Rossiya turgan) o‘rtasida kichik asirlar almashuvi boshlanadi. Bahslar har bir asirning «qadr-qimmati» haqida borardi. Frish Qizil Xoch vakillari bilan asirlikdagi ukrainlar qiynoqlar haqida gapirgan qamoqxonalarga borgan. 125 ta uchrashuvda 600 ga yaqin kishini almashishga muvaffaq bo‘lingan va diplomat bu jarayonni Marokash bozoridagi savdoga taqqoslagan.

2022 yil boshida Rossiya qo‘shinlari chegara yaqinida to‘planishi fonida uchrashuvlar to‘satdan to‘xtaydi. 22 fevral kuni Putin diplomatlarni chaqirib oldi va «Minsk jarayoni» tugaganini e’lon qildi. Ikki kundan keyin Rossiya armiyasi Ukrainaga rasman bostirib kirdi.

Mart oyi oxirlarida Ukraina harbiy razvedksi boshlig‘i o‘rinbosari Dmitriy Usov asirlar va qurbonlarning jasadlarini almashish uchun Rossiya tomoni bilan aloqani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq oladi. Oldingi aloqa liniyalari uzilgan, tomonlar o‘rtasida o‘zaro ishonch qolmagandi.