Hozirgi davr bolalarining aksariyati asosan tasvir, musiqa hamda turli intershovqinlardan iborat multfilmlar bilan ulg‘ayyapti. Bu kontentlarda dialoglar juda kam, ba’zilarida esa umuman yo‘q: qahramonlar gapirmaydi, butun boshli video faqat o‘yin-kulgi kadrlari, ashula va ovoz effektlaridan iborat. Ma’lumotlarga ko‘ra, bunday multfilmlarni ko‘rgan bola o‘z atrofidagi nutqiy muhitdan uzoqlashadi, til o‘rganish uchun zarur bo‘lgan so‘z va jumlalarni yetarli darajada eshitmaydi va shu tariqa muloqotga kirishish qobiliyati susayadi. Kun.uz bolalarda tilning kech chiqayotgani va bunga multfilmlarning ta’siri bo‘yicha mutaxassislar fikrini o‘rgandi.

Yosh onalar uchun bolani tinchlantirishda gadjetlardan foydalanish hozir eng yaxshi najot yo‘liga aylangan. Chaqaloq yig‘lasa, unga darrov smartfondan multfilm qo‘yib beriladi. Rang-barang tasvirlarga boy, o‘ziga xos ovozlar bilan boyitilgan kadrlarni ko‘rgan bola birpasda ovunadi, qoladi. Eng qiziq jihati, jonli o‘yinchoqlardan uzog‘i 10 daqiqada zerikadigan bolakay telefonga qancha ko‘p termulsa ham charchamaydi. Atrofni kuzatsangiz, hali qo‘liga qoshiq ushlashni bilmaydigan go‘dak smartfonni bemalol ishlata olayotganiga ham guvoh bo‘lasiz.

To‘g‘ri, telefon bolani vaqtincha ovuntirishi mumkin, bu borada onalar uchun katta qulaylik bor. Ammo uning chaqaloq salomatligiga ta’siri-chi? Go‘dakni oson tinchlantirishning keyinchalik to‘lanadigan badali haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Ekran oldida uzoq vaqt o‘tkazish asab tizimi, ko‘z kasalliklarini yuzaga keltirishi bilan bir qatorda bolada nutq kech rivojlanishiga sabab bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas.

Nutq – bolaning ijtimoiy hayotga moslashuvi, bilim olish jarayoni va shaxsiy rivojlanishining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Maktabgacha bo‘lgan davrida bola so‘z boyligini tez kengaytirishi va fikrini ravon ifoda qila olishi kerak. Ammo ayrim hollarda bu jarayon sekinlashadi yoki kechikadi. Mazkur holat bir necha xil omillar ta’sirida yuzaga keladi, ularni shartli ravishda biologik, psixologik, tibbiy sabablar va muhit ta’siriga ajratish mumkin.

Biologik omillar orasida genetik moyillik yetakchi o‘rinda tutadi. Agar oiladagi kattalarda nutq yoki til rivojlanishida kechikish kuzatilgan bo‘lsa, bolaning ham shunday muammoga duch kelish ehtimoli ortadi. Asab tizimi va miyadagi nuqsonlar, shuningdek, eshitish qobiliyati bilan bog‘liq muammolar nutq shakllanishiga to‘sqinlik qiladi. Bola so‘zlarni to‘liq yoki aniq eshitmasa, ularni o‘zlashtirish qiyinlashadi”,