Vladimir Putin Ukrainadan Donbassdan qo‘shinlarni to‘liq olib chiqishni talab qilmoqda. Bloomberg manbalariga ko‘ra, bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp Putin bilan muzokaralardan so‘ng Volodimir Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida aytib o‘tgan. Nashr maqolasidan ma’lum bo‘lishicha, gap Donetsk va Luhansk oblastlari haqida ketmoqda; Rossiya endi Zaporijjya va Xerson oblastlarining o‘z nazoratida bo‘lmagan qismlarini berishni talab qilmayapti.

Financial Times manbalariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida Putin Ukrainaning Donbassdan voz kechishi uning asosiy talablaridan biri ekani, agar bu talab bajarilsa, u front chizig‘ining qolgan qismini muzlatib qo‘yishga rozi bo‘lishini (bu Rossiya tomonidan qisman ishg‘ol etilgan Xerson va Zaporijjya oblastlarining bir qismini Rossiya nazorati ostida qoldiradi) ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, FT manbalariga ko‘ra, Putin mojaroning «asl sabablari», jumladan, NATOning sharqqa kengayishi masalasini bartaraf etish talabidan ham voz kechmasligini ma’lum qilgan.

Putin Tramp bilan uchrashuvda sanksiyalarning bir qismini bekor qilishni hamda Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olishni talab qilgan. Reuters agentligi Qrimni aynan kim Rossiyaniki deb tan olishi kerakligi tushunarsizligini qayd etgan – faqat AQShmi yoki G‘arb davlatlari va Ukraina ham.

Reuters suhbatdoshlariga ko‘ra, Putin Rossiyaga qarshi sanksiyalarning hech bo‘lmaganda bir qismi bekor qilinishini ham istaydi. Aynan qaysi sanksiyalar haqida gap ketayotganiga oydinlik kiritilmagan – Amerikaniki yoki Yevropaniki.

Reuters g‘arbdagi boshqa nashrlar ortidan Putin ukrain qo‘shinlarini Donetsk va Luhansk oblastlarida olib chiqishni talab qilayotgani, buning evaziga Rossiya Zaporijjya va Xerson oblastlaridagi front chizig‘ini hozirgi holatida muzlatishga rozi bo‘lishini xabar qilgan. Shu bilan birga, agentlik manbalari RF prezidenti Ukrainaga Sumi oblasti shimolida hamda Xarkiv oblastining shimoli-sharqida rus qo‘shinlari tomonidan egallab olingan hududlarni qaytarishga rozi ekanini tasdiqlagan.

Ukrainadagi DeepState proyektiga ko‘ra, Rossiya Sumi va Xarkiv oblastlarida jami 440 kilometr kvadrat atrofidagi hududni o‘z nazoratida ushlab turibdi. Ukraina esa Donbass hududida nazorat qilayotgan hududlar hajmi 6600 kilometr kvadratni tashkil etadi.