Dunyo amaliyotida o‘ta keng yoyilgan qishloq xo‘jaligi kooperativlari instituti O‘zbekistonda kurtak holidayoq so‘ndirilyapti. Qishloq xo‘jaligini sog‘lomlashtirish, erkin bozorga yaqinlashtirish yo‘lida muhim omil bo‘lgan kooperativchilik sun’iy to‘siqlarga uchrayapti.

Kooperativlar. Oxirgi bir necha yilda bu so‘zni juda ko‘p marta aytdim. Aytgim ham kelmay qoldi. Chunki qancha gapirilmasin, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi kooperativlari rivojlanmadi. Butun boshli Surxondaryoda masalan, shu paytgacha atigi 4 ta qishloq xo‘jaligi kooperativi ochildi. Sababi oddiy – yo‘l berishmaydi, ming bir usul bilan kooperativ tuzishga to‘sqinlik qilishadi. Nega? Chunki kooperativlar bu – mustaqil fermerlar birlashmasi, paxtani masalan, o‘z puliga yetishtiradi va tabiiyki, o‘zi sotadi. Mahalliy hokimlarning fikricha, mustaqil fermerlar ko‘payib ketsa, klasterlarga hech kim tobe bo‘lmay qo‘yadi.

Klasterlar hokimlarga nimaga kerak o‘zi? Savolga javob oddiy – o‘zingiz tushunib turgan bo‘lsangiz kerak – “tirikchilik”, sohaning va xalqning zarariga xizmat qiladigan “tirikchilik”. “Konvert” deb nomlanadi bu “tirikchilik”. Mana shunaqa sodda formula. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining taqdiri esa ularni qiziqtirmaydi. 

Qishloq xo‘jaligi kooperativi o‘zi nima? Butun dunyoda qo‘llanadigan bir narsa. Sodda qilib aytganda, mustaqil fermerlar faoliyati samaraliroq bo‘lishi uchun kuchlarini birlashtiradi – “birlashgan o‘zar” formulasi.

Ular birgalikda urug‘, o‘g‘it, yoqilg‘ini sotib olishadi, oqibatda bu ashyolar arzonga tushadi. Qimmat texnikalarni birgalashib sotib olishadi. Yetishtirgan mahsulotlarini ham katta partiya qilib sotishadi, mayda bo‘lak qilib emas. O‘rtakashlarga chiqim qilmasdan. Moliya tashkilotlaridan birga qarzlar olish osonlashadi. Kuchni birlashtirib qayta ishlashni tashkil qilishadi. Katta ishlab chiqaruvchi sifatida narxni savdolashish imkoniyati oshadi, maydasida unaqa imkoniyat o‘ta past. Kooperativga birlashgan fermerlarning eksportga chiqishi ham osonlashadi. Katta ishlab chiqaruvchi mahsulot sifatini ham oshirishi, standartlarga amal qilishi osonlashadi. 

Tabiiyki, bundan butun jamiyat yutadi – rivojlangan qishloq xo‘jaligi hammaga kerak. Kooperativlar mamlakatning yalpi mahsulotini ko‘paytiradi.

Muhim jihati – haqiqiy kooperativlarni tuzishga... manfaat chorlaydi. Topshiriq emas. Bunaqa ko‘ngilli birlashuv oqibatida katta ishlar qilinadi, zavod-u fabrikalar tabiiy ravishda yuzaga keladi – shijoatdan kuch olgan holda, buyruq bilan emas.