O‘zbekiston | 20:15 / 19.08.2025
1942
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijda qiyin ahvolda qolgan 600 nafardan ortiq fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi

Eng ko‘p fuqaro Rossiyadan olib kelingan - 460 nafar. Turkiyadan 71 nafar, AQShdan 56 nafar, Qozog‘istondan 17 nafar fuqaro vatanga qaytarilgan.

Foto: EPA

Xorijiy davlatlarda qiyin ahvolda qolgan fuqarolar vatanga qaytarilmoqda, deb xabar qildi Migratsiya agentligi matbuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, Migratsiya agentligiga 639 nafar fuqarodan vatanga qaytarish yuzasidan murojaatlar qabul qilingan hamda 30 iyuldan 18 avgustgacha Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 621 nafar fuqaro O‘zbekistonga olib kelingan.

Ularning 326 nafarini ayollar, 295 nafarini erkaklar tashkil etadi hamda shundan 189 nafari voyaga yetmagan bolalardir.

Ma’lum qilinishicha, eng ko‘p fuqaro Rossiyadan olib kelingan — 460 nafar. Turkiyadan 71 nafar, AQShdan 56 nafar, Qozog‘istondan 17 nafar fuqaro vatanga qaytarilgan.

Shuningdek, Janubiy Koreya (4 nafar), Hindiston (3 nafar), Yaponiya (3 nafar), Polsha (3 nafar), Misr (2 nafar), Qirg‘iziston (1 nafar) va Saudiya Arabistonidan (1 nafar) murakkab vaziyatda qolgan vatandoshlar olib kelingan.

Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, Bandlik vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda joriy yil 30 iyuldan 30 avgustgacha «Vatanga qaytarish» nomli xayriya aksiyasini o‘tkazmoqda.

Aksiya doirasida xorij davlatlarida og‘ir sharoitda qolgan O‘zbekiston fuqarolarini Vatanga qaytarish va ularni samarali reintegratsiya qilish maqsad qilingan.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid