O‘zbekistonda yangi investitsiya platformasi ishga tushiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuvida ma’lum qildi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar investitsiya kiritayotgan shaxsni ta’sischi qilib olishga majbur. Lekin bunga hamma ham rozi bo‘lmaydi. Shu bois resurs bo‘yicha asosiy yuklama haligacha banklarga tushyapti.

Endilikda loyihaga soddalashgan tartibda mablag‘ jalb qilish bo‘yicha investitsiya platformasi ishga tushiriladi. Bunda barcha korxonalar o‘zining loyihasini bu platformaga joylashtiradi, potensial investorlar esa istalgan loyihani tanlab, sarmoya kiritishi mumkin bo‘ladi.

Eng muhimi, investor ta’sischi emas, ulushdor sifatida daromadga sherik bo‘ladi, kiritgan mablag‘i kafolatli himoyalanadi.

Ta’kidlanishicha, tadbirkorlar bu yangi tizim orqali yiliga qo‘shimcha 1 milliard dollar mablag‘ jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 600 dan ziyod startaplar faoliyat yuritmoqda. 8 yil ilgari ularning soni barmoq bilan sanarli edi.

“E’tibor bering, 7 oyni o‘zida startaplarga rekord miqdorda – 264 million dollar xorijiy investitsiya keldi. Bu 2024 yil davomida kirgan sarmoyalardan 4 barobar ko‘p. Shu bois startaplarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada jonlantiramiz”, – dedi prezident.

Yoshlarning 1 mingta startap g‘oyasi tijoratlashtiriladi va shundan 200 tasi xalqaro bozorga olib chiqiladi.

Eng ilg‘or texnologiyalar olib kelinib, 100 ta mahalliy startap xalqaro miqyosda jozibador biznesga aylantiriladi. Bunga 100 million dollar beriladi.

Bu yildan boshlab, “Yosh tadbirkorlar” chempionati o‘tkaziladi. Eng yaxshi 100 ta g‘oya tanlab olinib, har bir startap uchun 1 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi.

Bu loyihalarni brendga aylantirish uchun moliyaviy va marketing xizmatlari bo‘yicha ekspertlarning xarajatlari qoplab beriladi.

“G‘oliblarni 20 avgust – Tadbirkorlar kunida taqdirlasak, o‘ylaymanki, yosh tadbirkorlarga bu ham katta motivatsiya bo‘ladi”, – dedi davlat rahbari.

IT, fintex va startaplarga keng yo‘l ochilgani natijasida marketpleyslar soni uch yil ichida 24 tadan 163 taga ko‘paydi.