Farg‘ona shahridagi markaziy bozor yonida valuta ayirboshlash bilan shug‘ullanuvchi guruh bor. Buni farg‘onaliklar yaxshi bilishadi. Bankdagi navbatlardan bezgan odamlar shu yerga borishadi va qanday qilib qopqonga tushganlarini o‘zlari ham sezmay qolishadi. Bu qorabozorda aldanib qolgan bir nechta hamyurtimiz boshidan o‘tganlarini Kun.uz'ga so‘zlab berdi.

Deylik, o‘sha qorabozordan 100 dollar maydalamoqchisiz. “Valyutchiklar” atrofingizni o‘rab olishadi va 4-5 kishi bir bo‘lib go‘yoki ichki ishlar xodimlari ko‘rib qolmasin qabilida sizni perashkaxona ichkarisiga olib kirishadi. Sheriklaridan biri eshik yonida qorovul vazifasida turadi. 100 dollarni 1 mln 250 mingga kelishsangiz, ular atay kelishilgan puldan 50 ming so‘m kam, ya’ni 1 mln 200 ming so‘mni qo‘lingizga tutqazadi. Siz uni sanaysiz. Tabiiyki, 50 ming so‘m kam. Ularga bu haqda aytasiz.

Sarroflardan biri qo‘lingizdan pulni olib sanaydi va haqiqatan 50 ming kamligiga iqror bo‘ladi. Sanayotgan paytda u pullar orasidan pulning yarmini ustalik bilan sug‘urib olib, boshqa cho‘ntagiga yashirgan bo‘ladi. Boshqa bir cho‘ntagidan esa sizga 50 ming so‘m chiqarib beradi. Bu orada eshik yonida qorovul vazifasida turgan sheriklaridan biri: “Tezroq qochish kerak, melisa kelyapti”, deb qo‘rqitadi. Tabiiyki, hamma qochsa, siz ham qochishga harakat qilasiz. Tashqariga chiqib sanasangiz, sizga berilgan pul 1 mln 250 ming so‘m emas, balki 600 ming so‘m chiqadi. Qaytib bozorga borsangiz, aynan o‘sha odamni topa olmaysiz. Topgan taqdiringizda ham, u buni tan olmasligi mumkin.

Birinchi murojaatchi:

— Adashmasam, haftaning yakshanba kuni edi. Qarindoshim kasalxonada yotgani uchun, uning holidan xabar olmoqchi bo‘ldim. Yonimda 100 dollar bor, so‘mim qolmagan ekan. Farg‘ona shahrida bozorning yonida “Ixlos” degan do‘kon bor. Shu do‘kon qarshisidagi qorabozorda dollar maydalaydi ko‘pchilik. Buni Farg‘ona shahrida yashaydiganlar yaxshi biladi.

Dollarfurushlar perashkixona yonida o‘tirishadi. Ular yoniga yaqinlashib: “Dollar maydalashim kerak” deganimni bilaman, birdaniga oldimga uchta odam yugurib keldi. Tinchlikmi desam, ha qog‘oz maydalaysizmi deyishdi. Yo‘q, menda bitta bor xolos desam, savdolashishga o‘tishdi. Qisqasi, 1 mln 260 ming so‘mga kelishdik. Keyin perashkixonaga kiradigan bo‘ldik, chunki u yerda kamera yo‘q. Ulardan biri zinaning pastida, eshik yonida qo‘riqchi vazifasida turdi.