Ötgan kun davomida jahonda röy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar şarhi bilan kundalik xabarnomada taniştiramiz.

«Jonli efir»dagi genotsid

25 avgust kuni Isroilning Ğazodagi Nasser şifoxonasiga qilgan hujumi oqibatida kamida 19 kişi, jumladan, beş nafar jurnalist halok böldi. Ğazo hukumati Media idorasiga köra, Isroil hujumida halok bölgan tört nafar jurnalist Reuters axborot agentligi fotomuxbiri Hussam al-Masri, Al-Jazeera fotomuxbiri Muhammad Salama, bir neçta OAV, jumladan, Accosiated Press bilan işlagan jurnalist Maryam Abu Daqqa hamda NBC telekanali jurnalisti Muaz Abu Toha bölgan. Şuningdek beşinçi jurnalist Quds Network va Middle East Eye naşrida işlagan Ahmed Abu Aziz ham olgan jarohatlari tufayli vafot etdi.

Xon Yunusda sodir bölgan alohida voqeada esa falastinlik yana bir muxbir va akademik Hassan Douhanni ham öldirildi.

Al Jazeera muxbiri Hind Hudariyning xabar berişiça, keçagi voqeada Isroil kuçlari uçirgan kamikadze dron Nasser şifoxonasi tomiga kelib tuşgan va kamida bir jurnalist öldirilgan.

«Şundan keyin fuqaro mudofaasi jamoalari yuqoriga çiqib, jasadni olib tuşmoqçi va yaradorlarni qutqarişga urinayotgan edi. Söng jurnalistlar ham voqeani hujjatlaştiriş uçun çiqqanida Isroil kuçlari yana öşa joyni nişonga oldi. Bu ikkinçi zarba xuddi öşa joyga qilindi va bu efirda hujjatlaştirildi», deydi u.

Isroil hukumati uruş davomida xalqaro jurnalistlarning Ğazoga eskorsiz kirişiga ruxsat bermay kelmoqda. 10 avgust kuni esa Isroil armiyasi jurnalistlar yaşayotgan çodirni «maqsadli» nişonga olgandi. Öşanda Al Jazeera telekanali beş nafar xodimi halok bölgan.

Isroil boş vaziri Benyamin Netanyahu idorasi bu zarbani «fojiali xato» deb atadi va armiya uni tergov qilayotganini bildirdi. Isroil ilgari ham özining uruş jinoyatlaridan söng şunga öxşaş bayonotlar bergan, ammo amalda aybdorlarning javobgarlikka tortilgani deyarli kuzatilmagan.

AQŞ prezidenti Donald Trampdan munosabat söraganlarida, u noroziligini bildirdi. «Qaçon sodir böldi bu?» dedi u Oq uydagi jurnalistga. «Men buni bilmasdim. Ha, bu meni xursand qilmaydi. Bunday bölişini istamayman. Şu bilan birga, bu butun dahşatli tuşni tugatişimiz kerak», dedi Tramp.