Eronning siyosiy maqsadga muvofiqlikni aniqlash kengashi a’zosi Said Muhammad Sadr televideniyega bergan intervyusida Eron havo mudofaa tizimlari haqidagi razvedka ma’lumotlari Rossiya tomonidan Isroilga berilganini da’vo qildi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi strategik yaqinlik haqida savollar uyg‘otmoqda.

Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida tahlilchilar Farhod Karimov va Jahongir Akramov bu boradagi fikrlari bilan bo‘lishdi.

Farhod Karimov: Bu holat asosan Eron nashrlarida keng yoyildi, G‘arb va Yevropa OAVlari u qadar katta e’tibor qaratmadi, Rossiya esa rasmiy munosabat bildirmadi. 2025 yil 17 yanvarda Rossiya va Eron o‘rtasida strategik hamkorlik shartnomasi qayta imzolangan edi. Ammo shartnomada muhim bir band harbiy yordam haqida, ya’ni urush holatida bir-birining mudofaasini kafolatlash majburiyati qismi chiqarib tashlangan edi. Ayniqsa, Rossiyaning Eronni himoya qilish majburiyatidan voz kechgani savollar uyg‘otdi.

Shu bilan birga, shartnomada “uchinchi davlatga yordam bermaslik” bandi qoldirilgan edi. Bu degani, Rossiya ham, Eron ham bir-birining raqibiga yordam bermasligi kerak edi. Rossiyaning Eron mudofaa tizimlari joylashuvi haqidagi ma’lumotlarni Isroilga bergani haqidagi da’vo esa aynan shu bandga zid. Bu – Eronning Rossiyadan noroziligini ko‘rsatmoqda.

Eron Rossiyadan Su-35 qiruvchi samolyotlarini so‘ragan, ammo ular berilmadi. Bundan tashqari, Rossiyaning Isroil bilan iliq munosabatlari ham Eronni bezovta qilmoqda. Masalan, Putin va Netanyahu o‘rtasidagi yaqin aloqalar Rossiyaning Yaqin Sharqdagi pozitsiyasini anglatadi.

Aftidan, Rossiya Eron bilan munosabatlarda Yaqin Sharqni emas, Kaspiy dengizi va Kavkaz mintaqasini asosiy o‘ringa qo‘ymoqchi.

Bu holatlar fonida Eron Janubiy Kavkaz, xususan Zangezur koridori bo‘yicha G‘arb bilan yaqinlashishga urinmoqda. Armaniston bosh vaziri bilan uchrashuvlardan so‘ng G‘arb bilan hamkorlik uchun zamin yaratilayotgandek ko‘rinmoqda. Eron hozirda bu yo‘lni tanlasa, Rossiyaga qarshi asosli da’volar keltirish uchun “psixologik muhit” yaratmoqda.

Shunga o‘xshash vaziyatni oldin ham ko‘rganmiz: Rossiya Turkiyaga NATO a’zosi bo‘lishiga qaramay S-400 sotgan. Bu esa shuni ko‘rsatadiki, Rossiya uchun strategik hamkorlikdan ko‘ra, siyosiy va iqtisodiy pragmatizm muhimroq.