Avvalo so‘m mustahkamlanishiga hissa qo‘shayotgan omillarni sanab otamiz.

Dollar qadri tushyapti, oltin qimmatlashyapti

Trampning savdo urushlari fonida AQSh dollarining global qadrsizlanishi va oltin narxlarining oshishi yuz beryapti. 2025 yilning dastlabki 6 oyida 1973 yildan beri dollarning dunyodagi boshqa valutalarga nisbatan eng katta qadrsizlanishi sodir bo‘ldi.

Donald Tramp 2025 yil AQSh prezidenti etib qayta saylanishi bilanoq AQSh bilan o‘zaro savdo profitsitiga ega mamlakatlar uchun keng qamrovli tarif bojlarini e’lon qildi. Bunday keskin, goh to‘xtab, goh yana boshlanadigan tarif urushlari ulkan siyosiy noaniqlik va iqtisodiy xavotirlarga sabab bo‘ldi. Natijada dollar indeksi (AQSh valutasining 6 ta boshqa muhim valutalarga nisbati) 11 foizgacha pasaydi.

Savdo urushlari sababli dunyo miqyosida dollar qiymatini yo‘qotar ekan, aksiya bozorlarida yuzaga kelgan noaniqliklar fonida oltin narxlari rekord darajada ko‘tarildi: yil boshidan buyon 26 foizdan ko‘proq o‘sib, 28 avgust holatiga ko‘ra unsiyasi uchun 3 452 dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2026 yilgacha 3 600 – 4 000 dollar oralig‘iga chiqishi haqida prognozlar bor.

O‘zbekiston global oltin narxining ko‘tarilishidan foydalanib, oltin eksportidan tushumlarni oshirdi. 2025 yil boshidan beri oltin eksporting qiymati 7,7 mlrd dollarga yetib, o‘tgan yilning mos davriga (4,2 mlrd dollar) nisbatan rekord darajada – 83,7 foizga o‘sgan. Ta’kidlash kerakki, birgina iyul oyining o‘zida 1,1 mlrd dollarlik oltin eksport qilingan. Bu esa sterilizatsiya uchun avvalgi yilga nisbatan sezilarli darajada ko‘p xorijiy valuta shakllanishini ta’minlagan.