Xitoy II jahon uruşida Yaponiyaning taslim bölganiga 80 yil tölişini 26 ta davlat rahbari iştirokidagi katta parad bilan nişonlaydi. Unda yangi qurollar ham köz-köz qilinişi mumkin. Paraddan avvalgi kunlarda ŞHT sammiti va ikki tomonlama uçraşuvlar bölib ötadi. “Geosiyosat” dasturi ekspertlari dunyo e’tiborida turgan Xitoydagi tadbirlar haqida söz yuritdi.

— Xitoyda böladigan harbiy parad nega global hamjamiyat diqqat markazida turibdi?

Şuhrat Rasul: Menimça, bu oddiygina an’ana. Ba’zi davlatlarda harbiy paradlar har yili muntazam ötkaziladi. Masalan, Rossiya Federatsiyasi va ayrim MDH mamlakatlarida, jumladan Qozoğiston, Qirğiziston va Tojikistonda 9 may arafasida paradlar ötkaziş odat tusiga kirgan. Özbekistonda esa mustaqillikdan keyin bunday tadbir an’anaga aylantirilmagan, bu qarorni töğri deb hisoblayman.

Xitoydagi parad Ikkinçi jahon uruşi yakuni bilan boğliq. Gomindan va Kommunistik partiya birgalikda Yaponiyani mağlub etib, keyinçalik Gomindan Tayvanga çekinişga majbur bölgan. Şundan beri Xitoy ğalabani nişonlaşda paradlar ötkazib keladi. Ayrim kuzatuvçilar Xitoy paradlarini yangi qurollar namoyişi sifatida köradi. Masalan, 2021 yilda ular gipertovuşli raketalarni ilk bor oçiq körsatişgan. Sönggi paytda esa Xitoyning yangi “superdron platformasi” haqida köp yozilmoqda. Bu ulkan uçuvçi apparat Boeing samolyotlaridan ham kattaroq bölib, içida turli vazifalarni bajaradigan yuzlab dronlarni olib yurişi mumkin. U uzoq masofalardan boşqariladi, buyruq markazi vazifasini bajaradi va kiçik razvedka dronlaridan tortib, strategik hujum uçun möljallangan dronlargaça taşiy oladi deyilyapti.

Kamoliddin Rabbimov: Geosiyosiy maydonda AQŞ va Xitoy örtasida misli körilmagan raqobat şakllanib böldi. Amerikada prezidentlar almaşayotgan bölsa-da, bu qarama-qarşilik yanada kuçayib, aniq şakl kasb etmoqda. Donald Tramp hokimiyatga kelganidan keyin esa Kollektiv Ğarb tuşunçasi yemirila boşladi. Bugun AQŞning an’anaviy ittifoqçilari bilan ham savdo-iqtisodiy uruşlar va keskin aytişuvlar kuçaygan bir pallada, Pekinga 26 davlat rahbarlari taşrif buyurmoqda. Ya’ni Ğarbga qarşi turuvçi yoki neytral pozitsiyada bölgan köplab davlatlar aynan Xitoyda yiğilmoqda. Bu safda Rossiya prezidenti, Hindiston, Eron va Şimoliy Koreya rahbarlari, Markaziy Osiyo prezidentlari bor. Şuningdek, şu kunlarda Şanhay hamkorlik taşkiloti sammiti ham ötkazilmoqda. Sammit davomida uçta yirik yönaliş böyiça yiğilişlar bölişi kutilyapti.