Tadbirda ShHT davlatlari delegatsiyalari va uning doimiy faoliyat yurituvchi organlari rahbarlari bilan bir qatorda kuzatuvchi va hamkor mamlakatlar yetakchilari, faxriy mehmonlar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish va boshqa xalqaro tuzilmalar rahbarlari ham qatnashdi.
Prezident o‘z nutqida ochiqlik va ko‘p tomonlama hamkorlik ruhiga to‘liq javob beradigan «ShHT plyus» formati ishonchli muloqot uchun tobora muhim maydonga aylanib borayotganini ta’kidladi. Bu galgi sammit XX asrning eng katta fojiasi – Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligida o‘tayotgani ramziy ma’noga ega ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston yetakchisi qarama-qarshilik ko‘payib borayotganidan xavotir bildirib, nizolarga barham berish, ishonchni tiklash, tinch-totuv yashash va xalqaro huquq normalarini hurmat qilishga chaqirdi. Shu ma’noda, Xitoy raisi Si Jinping ilgari surgan Global boshqaruv bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Mirziyoyev G‘azo sektoridagi vaziyat yana keskinlashayotgani va gumanitar ahvol yomonlashayotganini qayd etib, Falastin – Isroil muammosini «ikki xalq uchun ikki davlat» tamoyili asosida adolatli hal etishgina Yaqin Sharqdagi mojaroni to‘xtatishi mumkinligini ta’kidladi.

ShHT doirasidagi sheriklik va amaliy hamkorlik uchun ulkan salohiyat mavjudligini ta’kidlab, davlatimiz rahbari ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb vazifalariga to‘xtaldi.
Eng avvalo, ShHT mamlakatlarining barqarorligi va farovonligini ta’minlash uchun jamoaviy sa’y-harakatlarni kuchaytirish muhim ekani, bu, ayniqsa, iqlim o‘zgarishi, energetika va oziq-ovqat resurslari taqchilligi, migratsiya inqirozlari, kiberhujumlar va boshqa yangi xavf-xatarlar yuzaga kelayotgan sharoitda dolzarb ekani ta’kidlandi.
Prezident Toshkent shahrida ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi negizida Xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markaz hamda Dushanbe shahrida Narkotiklarga qarshi kurashish markazi ishga tushirilganini olqishladi.
Xavfsizlik masalalari bo‘yicha «ShHT plyus» formatidagi birinchi muloqotni kelgusi yili yurtimizda o‘tkazish taklif qilindi.
– Afg‘onistondagi vaziyatni hisobga olmasdan va xalqaro hamjamiyatning afg‘on hukumati bilan konstruktiv muloqotini yo‘lga qo‘ymasdan turib, mintaqamizda barqarorlikni ta’minlash mumkin emas, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.







