Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston, Hongkong hamda potensial xalqaro hamkorlar bilan aviatsiya sohasidagi istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Jumladan, tomonlar Hongkong va O‘zbekiston o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashdi.

Logistika, turizm va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan muntazam yo‘lovchi va yuk tashish aviareyslarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari batafsil ko‘rib chiqildi. Ushbu jarayonda ustuvor hamkor-operator sifatida Hong Kong Airlines aviakompaniyasi taklif etildi.
Muloqot chog‘ida, shuningdek, O‘zbekiston hududida xalqaro aviatsiya akademiyasini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Akademiya xalqaro standartlar (shu jumladan FAA va IOSA) asosida uchuvchilar, texniklar, styuardessalar, yerusti xodimlari va aviatsiya menejerlarini tayyorlaydi.







