Ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-investitsiyaviy va gumanitar sohalarda yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida davlat rahbari XXR Davlat kengashi bosh vaziri va butun Xitoy xalqini buyuk G‘alabaning 80 yilligi hamda Shanhay hamkorlik tashkilotining Tyanszin sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.
Ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari yangi davrda barcha sharoitlarda strategik sheriklik va ko‘p qirrali “yetuk” hamkorlik darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi.
O‘tgan yili tovar ayirboshlash 14 milliard dollarga yetdi va barqaror o‘sishda davom etmoqda. Bu ko‘rsatkichni mahsulot yetkazib berishni ko‘paytirish, eksport va import mutanosibligini ta’minlash orqali 20 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi.
Shu maqsadda O‘zbekistonda standartlarni uyg‘unlashtirish va mahsulotlarni Xitoy talablari asosida sertifikatsiyalash uchun qo‘shma Kvant metrologiya markazi va Mintaqaviy sanoat standartlashtirish markazini ochish taklif qilindi.
Qo‘shma loyihalar portfeli 60 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda.
Bu galgi tashrifga tayyorgarlik doirasida “yashil” energetika, geologiya, kimyo, noyob metallarni chuqur qayta ishlash, ko‘mir kimyosi, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, qishloq va suv xo‘jaligi, urug‘chilik, agrovoltaika sohalarida yangi loyiha takliflari shakllantirildi.
Ilmiy tadqiqotlar va istiqbolli startaplarni ilgari surish maqsadida O‘zbekiston – Xitoy sun’iy intellektni rivojlantirish markazini tashkil etish taklif qilindi.
Xitoyning yetakchi bank-moliya institutlari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus quyi qo‘mita yig‘ilishi va joriy yilda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan ikkinchi Hududlar forumi yakunlariga yuqori baho berildi.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” strategik temir yo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston pudrat tashkilotlarini jalb etgan holda amaliy ishlar olib borilmoqda.









